AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qilingan so‘nggi zarbalar natijasida 49 nafar yuqori lavozimli Eron amaldori halok bo‘lganini va bu mamlakat boshqaruvini sezilarli darajada zaiflashtirganini aytdi.
Tramp bu haqda CNN telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hatto eronliklarning o‘zlari ham hozirda mamlakatni kim boshqarayotganini bilishmaydi. "Biz 49 nafar yuqori lavozimli Eron amaldorini o‘ldirganmiz. Bular yetakchilar edi va ularning ba’zilari turli lavozimlarga ko‘rib chiqilayotgan edi. Endi biz mamlakatni kim boshqarayotganini bilmaymiz. Ular ham bilishmaydi", dedi Tramp.
Prezident eronliklar "biroz takabbur bo‘lib, barchasi bir joyga to‘planishganini, bu esa ularning mag‘lubiyatiga sabab bo‘lganini" ta’kidladi. Shuningdek, u AQSh Eron bilan uranni boyitishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olmaganini va muzokaralar bo‘yicha takliflar doimiy ravishda orqaga surilayotganini qo‘shimcha qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi zarbalar Eron tahdidini zararsizlantirish va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha AQShning uzoq muddatli kampaniyasining bir qismidir.
Tramp Qo‘shma Shtatlar va Isroilning harakatlari "yadroviy qurol tahdidining oldini olish va mintaqada strategik barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan" ekanligini ta’kidladi.