AQSh prezidenti Donald Trampning aytishicha, Eronga qarshi yirik zarbalar to‘lqini hali boshlanmagan, ammo yaqin vaqt ichida boshlanishi mumkin. Bu haqda CNN 2 mart kuni xabar berdi.
«Biz hali ularga qattiq zarba berishni boshlamadik», — dedi Tramp.
Avvalroq Isroil Eron hududiga raketa hujumlari uyushtirgani xabar qilingan. Zarba Tehron, Isfahon, Karaj va Kermonshoh viloyatlaridagi ob’ektlarga yo‘naltirilgani aytildi. Isroil tomoni bu harakatni ehtiyot chorasi deb atadi.
Tramp, shuningdek, AQSh Eronning raketa sanoati va dengiz kuchlariga qarshi keng ko‘lamli harbiy operasiya boshlaganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington mintaqaviy guruhlar Amerika kuchlariga hujum qilmasligi va mintaqani beqarorlashtirmasligini ta’minlash niyatida.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa Eron xalqi o‘z taqdirini qo‘liga olishi kerakligini ta’kidladi.
Eron tomoni Isroildagi nishonlarga javob zarbalari berilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Yaqin Sharqdagi AQSh bazalari — BAA, Bahrayn, Quvayt va Qatardagi ob’ektlar ham hujumga uchragani aytilmoqda.
Eron rasmiylari AQSh va Isroil hujumlari natijasida oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomaniy, Milliy mudofaa kengashi kotibi Ali Shamxoniy, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur, Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i Abdulrahim Musaviy va mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda halok bo‘lganini tasdiqlagan.