O‘tgan hafta AQSh hukumati kamida 29 ta davlatdagi diplomatik missiya vakillarini vakolat muddati yanvarda tugashi haqida ogohlantirgan.
Bu haqda Associated Press agentligi Davlat departamentidagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Bu davlatlar qatorida 13 ta Afrika davlati, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan oltita (jumladan, Filippin va Vyetnam), Yevropa qit’asidan to‘rtta (Armaniston, Makedoniya, Chernogoriya va Slovakiya), shuningdek, Jazoir, Misr, Nepal, Shri-Lanka, Gvatemala va Surinam bor.
Lavozimidan ozod etilayotgan diplomatlar Jo Bayden ma’muriyati davrida tayinlangan edi. Associated Press nashrining yozishicha, ularning o‘rnini Trampning ustuvor yo‘nalishlari hamda uning «America First» («Amerika birinchi navbatda») g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydigan xodimlar egallaydi.
Politico nashri esa bu qadamni «noodatiy» deb atamoqda. Odatda yangi kelgan prezidentlar siyosiy elchilarni almashtirsa-da, karyeraviy diplomatlarga o‘z ishini davom ettirishga imkon berilar edi. Biroq bu gal Tramp ma’muriyati boshqacha yo‘l tutishga qaror qilgan.