Qadimiy «Xonobodtepa» yodgorligida noqonuniy qurilish ishlari olib borilib, davlatga katta moddiy zarar yetkazildi. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, qurilish paytida yodgorlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, kanalizasiya quvurlari tortilgan paytda 257 metr uzunlikdagi quvur tarixiy ob’ekt hududidan o‘tkazilgan. Bundan 1000 kub metrga yaqin tuproq buzilib, 27 mlrd so‘mlik moddiy zarar keltirilgan. Shuningdek, maxsus texnika bilan yana 160 kub metr yer kavlanib, qo‘shimcha 4,5 mlrd so‘mlik zarar aniqlangan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, aybdor shaxslar 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, «Xonobodtepa» — Toshkentdagi muhim arxeologik yodgorliklardan biri bo‘lib, ming yildan ziyod tarixga ega. Uning shikastlanishi fuqarolar va tarixchilar o‘rtasida jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Avvalroq Samarqanddagi ko‘chalardan biriga Rim» nomi berilgani haqida ham xabar qilingan edi.