Kecha, 15 fevral kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanida HOWO rusumli yuk mashinasi velosipedchini urib ketishi oqibatida u vafot etdi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 18:00 larda Chilonzor tumani TXAY-Chorbog‘ ko‘chalari kesishgan chorrahasida HOWO rusumli yuk avtomobili hamda bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan 2004 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi velosiped bilan to‘qnashishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
YTH ortidan velosiped haydovchisi olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.