16 sentyabr kuni Respublikamizning barcha hududlarida, xususan, Toshkent shahrida “Butunjahon tozalik kuni” tadbirlari o‘tkazildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi, O‘zbekiston Volontyorlari assosiasiyasi, Sanoat-qurilish bank va "Coca-Cola" kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirlar “UzPlogging” eko-yugurish aksiyasi, “Clean games” — Yevroosiyo tozalik kubogi musobaqasi bilan boshlandi.
“Evroosiyo tozalik kubogi musobaqasi O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilmoqda. Bu o‘yinlar Ekologiya vazirligi bilan hamkorlikda nafaqat Toshkentda, balki Toshkent viloyatida ham bo‘lib o‘di, — dedi O‘zbekiston Volontyorlar assosiasiyasi direktori Shirin Abidova. — “Clean games” — xalqaro platforma. Yurtimizda bu o‘yin avval ko‘ngillilar o‘rtasida o‘tkazilgan. Lekin rasman xalqaro memorandum asosida ilk bor muhim qadamni qo‘ydik va endi “Evroosiyo tozalik kubogi” O‘zbekistonda ham o‘tkazilmoqda. Musobaqa, shuningdek, parallel ravishda Buxoroda, bir hafta ichida Sirdaryo viloyati, Samarqand va boshqa viloyatlarda ham tashkil etiladi”.
“Clean games” o‘yinlarida 100 dan ortiq ishtirokchi qatnashib, jami 118, 8 qop chiqindi yig‘ildi.
Shulardan:
— aralash chiqindilar 81,5 qop;
— plastik chiqindi 7,8 qop;
— shisha chiqindi 24 qop,
— metall chiqindi 5,5 qopni tashkil qildi.
Yig‘ilgan chiqindilar jami 802,25 kilogrammga teng bo‘ldi. Ishtirokchilarga qayta ishlangan plastik chiqindilardan tayyorlangan maxsus medallar topshirildi.
Tadbir davomida, shuningdek, qayta ishlangan chiqindilardan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi, bolalar ishtirokida rasm chizish tanlovi va boshqa tadbirlar ham bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, sohada uzoq yillardan beri mehnat qilib kelayotgan faxriy va fidoiy xodimlar “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, "Butunjahon tozalik kuni" munosabati bilan O‘zbekistonning barcha hududlarida tadbirlar tashkil etildi.
Ma’lumot uchun, “Butunjahon tozalik kuni” yurtimizda an’anaviy tarzda har yili sentyabr oyining uchinchi shanbasida o‘tkazib kelinadi.