Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yotoqxona masalalari bo‘yicha rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, talabalarni turar joyga joylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament asosida amalga oshirilmoqda.
2024/2025 o‘quv yildan boshlab barcha kurs talabalari uchun yotoqxonaga joylashish jarayoni to‘liq onlayn shaklda joriy etilgan. Talabalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza topshirishi mumkin.
2025 yil 12 sentyabr holatiga ko‘ra, jami 63 804 ta ariza kelib tushgan. Shundan 40 265 nafar talaba uchun yo‘llanmalar avtomatik shakllantirilgan, 21 767 nafar talaba esa navbatda turibdi.
Vazirlikka ko‘ra, arizalarning “jarayonda” turishi kechiktirish emas, balki reglamentga muvofiq navbat shakllantirilganini bildiradi. O‘rinlar bosqichma-bosqich taqsimlanadi va avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagi talabalar uchun ustuvorlik beriladi.
Arizalarni ko‘rib chiqish tartibi quyidagicha:
agar yotoqxonada bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lsa, yo‘llanma avtomatik shakllantiriladi;
agar bo‘sh o‘rin bo‘lmasa, talaba navbatga qo‘yiladi va bu haqda xabarnoma oladi;
o‘rin bo‘shagan taqdirda navbatdagi talaba joylashtiriladi.
Shuningdek, Hukumatning 2021 yil 24 sentyabrdagi 605-son qaroriga muvofiq, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara asosida yashovchi talabalar uchun ijara to‘lovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilangan. Toshkent shahrida bu miqdor bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarini (hozirda 412 ming so‘m), boshqa hududlarda esa yarim baravarini (206 ming so‘m) tashkil etadi.
Shu bois talabalarni yotoqxonaga joylashtirish va ijara xarajatlarini qoplash jarayonlari qonunchilikda belgilangan tartibda va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.