O‘tkazilayotgan soliq nazorati tadbirlari jarayonida Toshkent shahrida o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan fuqaro A.N. bir vaqtning o‘zida 106 ta faoliyat turi bilan shug‘ullanganligi aniqlandi.
U ikki oy ichida 4 ta yuridik shaxsga 123,2 mlrd so‘mlik 357 turdagi tovarlar va xizmatlarni realizasiya qilgan.
Aslida, o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning daromadi 100 million so‘mdan oshsa, u yakka tartibdagi tadbirkor kabi 4 foiz stavkada aylanmadan olinadigan soliq (AOS) to‘lashi kerak.
Agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning daromadi 1 milliard so‘mdan oshsa, u majburiy tartibda QQS to‘lovchisi hisoblanadi. Demak, uning 1 milliard so‘mdan ortiq daromadidan QQS va foyda solig‘i qo‘shimcha hisoblanadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyatidan tashqari olingan daromadlariga Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliq solinadi.
Bu kabi holatlar aniqlanganda, tahliliy va tekshiruv materiallari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish maqsadida taqdim etiladi.