Bugun 15 noyabr, 2024 yil, juma

КИР

Toshkentda tashkil etiladigan pulli to‘xtash joylarining yagona boshqaruvchisi bo‘lishi kutilmoqda

Toshkentda tashkil etiladigan pulli to‘xtash joylarining yagona boshqaruvchisi bo‘lishi kutilmoqda

Toshkent shahar hokimligi poytaxt ko‘chalarida pulli to‘xtash joylarini boshqarish huquqi uchun auksion o‘tkazadi. Bu haqda “E-auksion” ma’lumotlarida keltirilgan bo‘lib, birinchilardan bo‘lib Spot e’tibor qaratdi.

Ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bunda quyidagi ko‘chalar qamrab olinadi:

  • Toshkentning markaziy qismi (jumladan, Amir Temur xiyoboni, Movarounnahr, Istiqlol, Yahyo G‘ulomov, O‘zbekiston ovozi, Istiqbol, Sodiq Azimov, Taras Shevchenko, Shahrisabz, Yakkachinor, Shastri, Mahatma Gandi, Hamid Olimjon, Chexov va boshqa ko‘chalar);
  • Uchtepa va Chilonzor tumanlari (Kichik halqa avtomobil yo‘li, Farhod, Lutfiy, Cho‘ponota, Muqimiy, Qatortol, Chilonzor, Arnasoy, Yesenin, Beshqayrag‘och ko‘chalari);
  • Sergeli va Yangihayot tumanlari (Yangi Sergeli, Tursunzoda, Alaviya, Shokirariq, Islom Sattorov, Qipchoq, Qo‘rg‘ontepa, Birodarlik ko‘chalari);
  • Olmazor va Shayxontohur tumanlari (Labzak, Sebzor, Gulobod, Forobiy, Beltepa, Qoraqamish, Qorasaroy, Shimoliy Olmazor ko‘chalari);
  • Bektemir tumani (Husayn Boyqaro ko‘chasi);
  • Mirobod tumani (Yangi Qo‘yliq ko‘chasi);
  • Yashnobod tumani (Ohangaron yo‘li ko‘chasi, Quyi Tolariq, Sives, Quruvchilar ko‘chalari).

Toshkentda tashkil etiladigan pulli to‘xtash joylarining yagona boshqaruvchisi bo‘lishi kutilmoqda

Topografik xaritaga ko‘ra, poytaxtning jami 86 ta hududida pulli to‘xtash joylari tashkil etiladi.

Ijara muddati — 3 yil. Dastlabki 2 yil ichida ijarachi avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar va harakatni tashkil etish vositalarini o‘rnatish, shuningdek, kommunikasiya va aloqani amalga oshirish uchun kamida 5 million dollar sarmoya kiritishi kerak.

Yillik ijara boshlang‘ich narxi 57,21 milliard so‘mni tashkil etadi. Avtoturargohdan tushgan tushumning kamida 1/12 qismi Toshkent shahar yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazilishi kerak. Bundan tashqari, ijarachi avtoturargohlardan maqsadli va qonuniy foydalanish monitoringini ta’minlashi kerak.

Investor parkinglarga transport vositalarini sutkasiga 24 soat mobaynida joylashtirish imkoniyatini, shu jumladan ularda tozalikni saqlash va obodonlashtirishga doir ishlar bajarilishini ta’minlashi ham lozim.

Auksion 25 noyabr kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi, arizalar shu kuni soat 9:00 dan kechiktirmay qabul qilinadi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Toshkentdagi 50 dan ortiq eng gavjum va likvidli ko‘chalar bitta lotda savdoga chiqarilayotganini tanqid qildi.

“Agarda auksion poytaxt ma’muriyati istagandek o‘sa, shaharda yagona parkovka qiroli paydo bo‘ladi. G‘olibi oldindan yopiq kabinetlarda kelishilmagan bo‘lmasa, bu jarayonni auksion deyishga til bormaydi” deydi iqtisodchi.

Uning ta’kidlashicha, barcha ko‘chalar bitta lotga bog‘langani uchun auksionga kirish shartlari juda og‘ir va qimmat qilingan, qaysidir avvaldan kelishilgan g‘olibga moslashtirilgan bo‘lishi ehtimoli mavjud. 5 million dollarlik investisiya shartini bajarish va boshlang‘ich narxi 57,2 milliard so‘mlik yillik ijara narxini qabul qilishga jur’at etuvchi o‘nlab raqobatdosh biznes sub’ektlar topilmasligi aniq. Lekin lotlar 20 ta bo‘lsa, auksionga kirish investisiyaviy shartlari 100 ming dollardan boshlansa, ishtirokchilar soni keskin ortadi. Auksion ham keskin raqobatli bo‘ladi, ijara haqining narxi auksionda tezroq va ko‘proq oshadi, davlat ham karrasiga yutadi.

Kiritildi: 11:05 14.11.2024. O'qildi: 320 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!