Internet tarmog‘ida uchta avtomobil - “Matiz”, “VAZ 2107» va “Spark” avtomobillari to‘qnashuvi va haydovchilar orasidagi mushtlashuv videosi tarqalmoqda.
Toshkent shahar IIBB ma’lum qilishicha, voqea joriy yilning 2 sentyabr kuni soat 11.50 da Bektemir tumani Oltintopgan ko‘chasida sodir bo‘lgan. “Matiz” haydovchisi (davlat raqami 01 K 769 KB) Bunyodbek R., Bahrom K. boshqaruvidagi “VAZ 2107” rusumli avtomobili (davlat raqami 01 Z 786 OA) uchun avariyaviy holat yuzaga keltirgan. Natijada yuqoridagi avtomobillar va Sardor X. boshqaruvidagi “Spark” (davlat raqami 01 V 742 KB) avtomobili to‘qnashuvi yuz bergan. “VAZ 2107” avtomobili to‘xtagach, “Matiz” va “Spark” avtomobillari haydovchilari “VAZ 2107” haydovchisiga tan jarohatlari yetkazishgan.
Kelishmovchilikka 1990 yilda tug‘ilgan Bahrom K. va 1985 yilda tug‘ilgan Bunyod R. orasidagi qarz munosabatlari sabab bo‘lgan.
Holat tafsilotlari Bektemir tumani IIO FMB xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda.