2024 yil 26 sentyabr oyining 26 kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida metroda yo‘lovchi ayolga shahvoniy shilqimlik qilgan 31 yoshli erkakka jazo tayinlandi. Bu haqda Oliy sud portalida ma’lumot berildi, deb yozmoqda uznews.uz.
Jabrlanuvchi ayol M.P.ning murojaatiga ko‘ra, 2024 yil 24 sentyabr Toshkent shahar Metropolitenning “Paxtakor” bekatidan “Novza” bekatiga harakatlanib ketayotgan paytida “Xalqlar Do‘stligi” bekatidan poyezdga chiqqan erkak metro harakatlanish paytida fuqaro M.P.ning jinsiy a’zosiga teginib, shahvoniy shilqimlik qilgan.
Huquqbuzar sud majlisida o‘zining yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatdagi huquqbuzarlik harakatiga qisman iqror bo‘lib, hodisa kuni poyezd ichi tirband bo‘lganligini, M.P.ga teginganini bilmaganligini, hozirda sodir etgan qilmishidan pushaymonligini, boshqa bu kabi harakatlarni sodir etmasligini inobatga olib, suddan unga jazo tayinlashda yengillik berishni so‘ragan.
Sud qarori bilan erkak MJtKning 411-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, unga shu modda bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.