Toshkentda «Mehribon taksi» ish boshladi, deya xabar beradi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati.
Ta’kidlanishicha, «Mehribon taksi» - faqatgina jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun xizmat ko‘rsatadi.
An’anaviy taksilardan farqli ravishda bu avtomobillar tayanch-harakat a’zolarida muammolari bor insonlarga mo‘ljallangan hamda har bir yo‘lovchidan tushgan mablag‘ning ma’lum foizi nogironlarni ijtimoiy muhofaza qiluvchi tashkilotlarning hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
Nogironligi bor shaxslarning kundalik yumushlarini samarali hal qilishda taksi transport xizmati ham ahamiyatli hisoblanadi. Xususan, imkoniyati cheklangan fuqarolarni tibbiy-profilaktika muassasalariga, dorixonalarga, ijtimoiy himoya muassasalarga, madaniy hordiq chiqarish maskanlariga qulay va xavfsiz borib, kelishlari uchun xizmat qiladi.
Shuningdek, ba’zida ular ayrim zaruriy hujjatlarni rasmiylashtirish uchun turli idoralarga murojaat qilishlariga to‘g‘ri keladi. Bunda ham "Mehribon taksi» nogironligi bor fuqarolarga samarali xizmat ko‘rsata oladi.
Mazkur xizmat Markaziy Osiyo mintaqasida ilk amaliyot bo‘lib, yil sayin unga talab va ehtiyoj ortib bormoqda.
Ma’lumot uchun: Statistik hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahrida 6000 ga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolar istiqomat qilmoqda. Ulardan 300 ga yaqini esa tayanch- harakat a’zolarida nuqsoni bor insonlardir. Yurtimizda ularni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish uchun ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. «Mehribon taksi» ham shu yo‘nalishdagi qulayliklardan biridir.
Nashr etmoq