Toshkentda gaz quvurlarining o‘tkazuvchanlik imkoniyati oshirilishi va ob-havo sharoitining yaxshilanishi munosabati bilan gaz bosimi oshishi kutilmoqda, deya «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi «Hududgazta’minot» kompaniyasi.
Poytaxtning bir qator tumanlari aholisi gaz bosimi oshganini «Gazeta.uz»ga tasdiqladi, tarmoqda ham shu kabi xabarlar paydo bo‘ldi.
Aholidan favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun gaz iste’mol qiluvchi uskunalar (isitish qozonlari, gaz plitalari va boshqalar)ni tekshirib turish so‘ralmoqda.
«Aholidan gazdan foydalanish bo‘yicha xavfsizlik qoidalariga rioya etishlarini so‘raymiz. Gaz 3- va 5-issiqlik markazlariga yo‘naltirilmoqda. Ularga gaz ta’minoti xodimlari ham biriktirilgan», — deyiladi kompaniya axborotida.
Gaz bosimi Shayxontohur, Olmazor, Uchtepa va Chilonzordan boshlab barcha tumanlarda oshishi kutilmoqda.