Toshkentda soxta mashina o‘g‘irlanishini uyushtirgan fuqaroning kirdikori oshkor bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Matubot xizmati ma’lum qilmoqda.
2018 yil 28 iyul kuni soat 01:30da Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga 1977 yilda tug‘ilgan, Ma’ruf ismli fuqarodan Damas avtomobilining o‘g‘irlab ketilgani haqidagi xabar kelib tushadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Ma’ruf 27 iyuldan 28 iyulga o‘tar kechasi taxminan soat 00:00 da tanishi Borisning uyiga mehmonga o‘zi ishlaydigan Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasiga tegishli bo‘lgan, yashil rangli Damas rusumli avtomobilda borib, mashinani uning uyi ya’ni Yashnobod tumani, Xovos 2-tor ko‘chasi, 2-uy oldida qoldirib ichkariga kirib ketgan. Biroq oradan ma’lum vaqt o‘tib, mashinaning joyida yo‘qligini ko‘rgach, 102 raqamiga xabar bergan.
PPX va Milliy Gvardiya xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida Mirobod tumani Tolimarjon ko‘chasi, “O‘zelektroapparat-Electroshiyeld” korxonasi tomonda o‘g‘irlangan Damas mashinasi to‘xtatilgan. Uni boshqarib borayotgan 33 yoshli Yuriy.S va 25 yoshli Viktor.S esa avtotransport vositasini olib qochishda gumon qilinib qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, “jabrlanuvchi” va “huquqbuzar”lar o‘zaro yaxshi tanish bo‘lib, mashina “o‘g‘irlangunga” qadar birga ko‘ngilxushlik qilganlar. Keyin esa avtomobil egasi uxlab qolgan paytda, uning do‘stlari mashinada sayrga chiqishgan. Qolaversa mashina kaliti salonda, eshiklar esa qulflanmagan bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Ma’rufga nisbatan O‘zbekiston Respubliaksi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 199-moddasiga binoan tegishli chora qo‘llanildi.
Manba: qalampir.com