19 dekabr kuni O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida qozoq adibi va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Abay. Qardosh xalqlar merosi” ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamkulov, «Jidebay-Borili» Abay muzeyi direktori Turdiqul Shanbay, Tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Oqilova, shuningdek OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda davlatimiz rahbari boshchiliklarida butun turkiy xalqlar madaniy merosini asrash va tiklashga oid ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Poytaxti azimda ulug‘ qozoq adibi Abay ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning ochilishi ham buning yaqqol dalilidir. Ushbu tadbir, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Fursatdan foydalanib ushbu tadbirga tashrif buyurgan Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Dauren Abayevga “O‘zbekistonga xush kelibsiz” deymiz. Bugun o‘z eshiklarini ochayotgan ushbu ko‘rgazma buyuk mutafakkir Alisher Navoiy insonparvarlik an’analarini o‘zida saqlagan Abay ijodini yanada mukammal anglash imkonini berishiga ishonchimiz komil. Uning barcha xalqlar tinchlik va farovonlikda yashashi kerakligi, Sharq va G‘arb uyg‘unligi, jahon merosini o‘zlashtirish zarurati, ensiklopedizmga intilish, inson tabiatining mukammallashuviga oid g‘oyalari bugunga kelib ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan”, - deya ta’kidladi A.Abduhakimov.
O‘z navbatida, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev ko‘rgazmani yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
– Alisher Navoiy va Abay ijodi nafaqat turkiy, balki umuminsoniy qadriyatlarning shakllanishi namunasini o‘zida mujassam etgan buyuk merosdir. Har ikki mutafakkir turli davrlarda yashab ijod qilgan bo‘lsa-da, ularni she’riyatdagi insonparvarlikka intilish, islohotchilik ruhi birlashtiradi. Ular ikki qardosh xalqning ma’naviy ustunlaridir”, - dedi Dauren Abayev.
“Abay. Qardosh xalqlar merosi” ko‘rgazmasi qator bo‘limlardan iborat bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga olgan:
Ko‘rgazmada shuningdek qozog‘istonliklarning kundalik maishiy hayotida foydalanuvchi, dekorativ-amaliy san’at buyumlari, Abay hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tasviriy san’at asarlari, grafiklari, shuningdek Abayning asarlari namoyish etilmoqda.
19 dekabr kuni ish boshlagan “Abay. Qardosh xalqlar merosi” ko‘rgazmasi 30 dekabrga qadar davom etadi.