Toshkent viloyatining bir necha tumanidagi bog‘chalarda ovqatdan zaharlanish bo‘yicha 1900 nafardan ortiq bola shifoxonaga murojaat qilgan. Bu ma’lumotni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov tasdiqladi.
Ayni vaqtga kelib murojaat qilganlarning 930 nafardan ko‘prog‘ida kasallik belgilari aniqlanmagani bois uyiga javob berilgan. 941 nafar bemorning ahvoli yengil, 22 nafarining ahvoli o‘rta darajada.
Otabekovning ta’kidlashicha, Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq tumanlaridagi bemorlarning bir qismi kasalxonalarda joy yetishmovchiligi sababli Olmaliq va Nurafshon shaharlariga ham yuborilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tumanlarga uchta autsorcer xizmat qilgan, uchalasi ham o‘sha kefirni Oqqo‘rg‘ondagi Shark Milk Product kompaniyasidan olgan. Mazkur kompaniya Uchtepa tumanida ro‘yxatdan o‘tgan, ammo ishlab chiqarish Oqqo‘rg‘on tumanida olib borilgan.
Qo‘mita mas’uli qo‘shimcha qilishicha, hozirda ushbu mahsulotdan 540 ta namuna olinib, tahlil ishlari o‘tkazilmoqda.
25 sentyabr kuni ertalab Piskent va Bo‘ka tumanidagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlanib kasalxonaga yotqizilayotgani haqida dastlabki xabarlar berilgandi. Xabarlarda bunga sifatsiz kefir sabab bo‘lgani aytilgandi. Kun davomida jami 109 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani, ularning aksariyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi bog‘chalar tarbiyalanuvchilari ekani ma’lum bo‘lgandi.