XX asrning 60 yillariga kelib televideniye va radio O‘zbekiston madaniy hayotida mustahkam joy egallay boshladi. 1957 yilda bunyod etilgan 180 metrlik birinchi O‘zbekiston telemarkazi 4 millionlik poytaxt va Toshkent viloyati aholisi ehtiyojini yetarlicha qondirish, televizion ko‘rsatuvlarni ko‘paytirish va tog‘li tumanlarga dasturlarni yetkazib berishga ojizlik qilishi ma’lum bo‘ldi.
Shu bois, 1971 yilning 1 sentyabrida Toshkent radiotelevizion uzatish markazi qurilishi boshqarmasi tashkil etilib, qisqa fursat ichida yangi teleminora loyihasini tayyorlashga kirishildi. 1978 yilda teleminora qurilishi boshlandi. Teleminoraning to‘rt tayanchi va unga tutashgan uchta oyog‘i 11 metrlik chuqurlikdan ko‘tarilib chiqilgan, bir-biri bilan bog‘lanmagan temir-beton asoslarga tayangan bo‘lib, muvozanatini o‘ta yuqori darajada ushlab turishga qodir klassik tizim yaratildi.
Teleminora qurilishi "11-Balandqurilish" boshqarmasi quruvchilari tomonidan amalga oshirilgan. Qurilishda Rossiyalik mutaxassislar ham faol ishtirok etishgan. Minora qurilishi 25 tonna yukni 240 metr balandlikka ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lgan maxsus kran yordamida amalga oshirilgan. 1985 yil 15 yanvarda poytaxtning Yunusobod tumani Bo‘zsuv yoqasida Toshkent teleminorasi va nihoyat qad rostladi. Bino balandligi 375 metr, tirgak bo‘lib turgan po‘lat oyoqlar uzunligi — 93 metr. Minora og‘irligi— 6000 tonna.