Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Tonirovkadan tushgan pullar qayerga ishlatiladi?

Tonirovkadan tushgan pullar qayerga ishlatiladi?

Taniqli bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev telegramdagi sahifasida quyidagi maqolani joyladi.

Aytgancha, mavzu ochilganda yana bir narsani eslatib o‘tishimiz zarur. Xalq buni bilishi kerak.

Ko‘pchilik tonirovka haqida gap ketganda «davlat byudjeti» degan jumlalarni ishlatmoqda. «Davlat buncha foyda qilmoqchi, byudjetga buncha pul tushirmoqchi» degan fikrlarni o‘qib, aslida tonirovkadan tushgan pullar nimaga sarflanishi haqida ma’lumot berishni joiz deb bildim.

Vazirlar Mahkamasining 18.07.2018 yildagi qarorining 2-bandida tonirovkadan tushgan pullar qayerga sarflanishi aniq ko‘rsatilgan. Demak, tushgan mablag‘lar quyidagilarga maqsadli yo‘naltiriladi:

? Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga;
? DYHXX moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga;
? DYHXX xodimlarini ijtimoiy rag‘batlantirishga;
? keyinchalik «Innovasiya loyihalari va aholiga servis xizmatlar ko‘rsatish markazi» DUKning tonirovka qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplashga.

Shuningdek, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida IIV tonirovkaga ruxsatnoma berish va tonirovka qilishdan tushadigan mablag‘larni hisobga o‘tkazish uchun vazirlikning Maxsus jamg‘armasida alohida bank hisob raqamini ochgan.

Ko‘rib turganingizdek, tonirovkadan tushgan pullarning bir tiyini ham davlat byudjetiga o‘tkazilmaydi. Demakki, tonirovkaning pullaridan maktablar qurilmaydi, shaharlar obod bo‘lmaydi, o‘qituvchi yoki shifokorlarning maoshi yoki keksalarimizning pensiyalari oshirilmaydi va h.k.

Umuman bu pullar davlat byudjetiniki – oddiy xalqniki emas. Tushgan pullar faqat va faqat ichki ishlar organlarining maxsus jamg‘armasiga tushadi, tizimni rivojlantirish uchun sarflanadi, IIO xodimlarining oyligini oshirishga ishlatiladi.

Ha, to‘g‘ri, ular ham bizning ota-onalarimiz, akalarimiz va opalarimiz – shu xalqimizning ajralmas bir bo‘lagi. Marslik emas, biz uchun begona emas.

Lekin hisobimga pul tushar ekan, oyligimiz oshar ekan deb, mantiqsiz va kulgili taqiqlar qo‘yish ortidan jaziramada jizg‘anak bo‘layotgan millionlab odamlar ham shu xalq vakili ekanligini unutmaylik.

Ichki ishlar vazirligi mas’ullari ushbu postimga e’tiroz bildirishlari mumkin, «Uyalmaysanmi, nega ichki ishlar xodimlarining moddiy ahvolini o‘ylamaysan, biz ham xalqmizku» deya. Lekin kechirasizlaru, tonirovkadan tushum kamayib ketmasligi uchun tonirovka va pardaga jarimani 200 ming so‘mdan 5 mln so‘mga (25 baravar!) ko‘tarishni taklif qilayotganda Sizlar nima uchun xalqni o‘ylamadingiz?! Faqat o‘zingizga tushadigan pullarni o‘ylab, oddiy xalqni o‘ylamaganlar uyalishi kerak emasmi aslida?

Berilayotgan takliflarga e’tibor bersak, hech kim tekin tonirovka so‘ramayapti (bu befoydaligini tushunib yetdik). Shu narx o‘lgurni 18-20 mln so‘m qilmasdan, yiliga 2 minimalka (446 ming so‘m) qilib qo‘ygan taqdirda ham, ichki ishlarning Maxsus jamg‘armasiga hozirgidan ko‘proq pul tushishi, ularning mukofotlariyu, ustama pullari hozirgidan ham ko‘proq oshishi mumkinligini aytyapmiz.

Shuni tushunish nahotki qiyin bo‘lsa?

❗️Qissadan hissa shuki, tonirovkani davlat yoki hukumat o‘ziga pul topish uchun o‘ylab topgan, degan gaplar unchalik ham to‘g‘ri emas, pullar davlat byudjetiga tushmaydi. Barchasi Ichki ishlar vazirigining (qarorda aytilishicha Moliya vazirligining ham) tashabbusi, pullar ham vazirlikka o‘tadi. Faqat nima uchundir hukumat shuni tasdiqlab bergan xolos.

Kiritildi: 12:02 17.07.2019. O'qildi: 1760 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!