Afg‘oniston havo kuchlarining Gilmand viloyati markazi Lashkargohga bergan aviazarbasi oqibatida “Tolibon” harakatining 50 dan ortiq a’zosi yo‘q qilindi. Bu haqda Afg‘oniston Mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga tayanib RIA Novosti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, o‘ldirilgan harakat a’zolari orasida “Tolibon”ning ikki nafar yetakchi boshlig‘i, shuningdek, “Al-Qoida” a’zosi ham bo‘lgan. Hujum oqibatida “Tolibon” harakatining 16 nafar a’zosi jarohatlangan.
Ma’lumot uchun, Pokiston bilan chegarada joylashgan Gilmand viloyatida “Tolibon” harakati a’zolari va Afg‘oniston hukumat qo‘shinlari o‘rtasida shiddatli janglar bo‘lib o‘tmoqda.
Ta’kidlanishicha, armiya rasmiylari viloyat aholisini “Tolibon” harakati joylashgan joylarni tark etishga chaqirgan.