DUSHANBE (Turon24) – 1977 yilda Amerika saratonshunoslik jamiyati noyabr oyi uchinchi haftasining payshanbasini Xalqaro tamakiga qarshi kurash kuni deya e’lon qilgan. Bu yil mazkur sana 15 noyabrga to‘g‘ri keldi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, har yili tamaki chekish tufayli 6 milliondan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumadi.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 2018 yilning 2 yanvarida “Tamaki mahsulotlaridan foydalanishni man qilish haqida”gi qonunni imzoladi. Mazkur qonundan maqsad sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholini tamaki chekish tufayli kelib chiqadigan kasalliklardan asrash bo‘lib, mamlakatda tamaki mahsulotlari eksporti va importi, sotuvini tartibga soladi.
JSST mazkur qonunni inobatga olgan holda Emomali Rahmonni tamakiga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun medal bilan mukofotladi.
Mutaxassislarning aniqlashicha, bir dona tamakida 4 mingdan ortiq kimyoviy modda bo‘lib, shundan 250 tasi zararli hisoblanadi, shundan 50 tasi saraton kasalligini keltirib chiqaradi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda 500 mingdan ortiq kishi tamaki chekadi, shundan 78 foizi erkaklar, 10 foizi ayollar, qolgan 12 foizi o‘smirlardir.
Bundan tashqari, mutaxassislarning tahliliga ko‘ra, Tojikistonning 97,8 foiz aholisi tamaki mahsulotlari inson salomatligi uchun zararli deb biladi. Aholining 92,5 foizi tamakiga qarshi olib borilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlaydi, 90,3 foizi esa tamaki chekishni istamaydi.
Tojikistonning “Tamaki mahsulotlaridan foydalanishni man qilish haqida”gi qonuniga muvofiq salomatlik markazlari ichida, madaniyat, sport, ta’lim muassasalarida, ma’muriy binolarda, davlat korxonalari, xorijiy tashkilotlar, umumiy ovqatlanish joylarida, mehmonxona, jamoat transporti, bekatlar, temiryo‘l vokzali, aeroport, bolalar maydonchalari, ko‘pqavatlar uylarning kirish qismi, liftlar, yer osti yo‘llari va boshqa jamoat joylarida tamaki mahsulotlaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Tamaki mahsulotlari faqatgina maxsus belgilangan joylardagina chekiladi.
Manba: turon24.uz