AQShning Texas shtatidagi Ostin polisiya departamenti Ilon Maskga tegishli Tesla dilerlik markazida bir nechta portlovchi moslamalar topilgani haqida xabar berdi.
Bu haqda ABC News telekanali xabar bermoqda.
Polisiya 24 mart kuni ertalab "shubhali qurilmalar"ni aniqlaganini va bomba yo‘q qilish bo‘yicha mutaxassislar ularning portlovchi ekanligini aniqlab, ularni zararsizlantirishganini aytdi. Hech kim jabrlanmagan, tergov davom etmoqda, dedi polisiya.
Keyinroq AQSh Federal Qidiruv Byurosi Teslaga qaratilgan insidentlarni bartaraf etish uchun maxsus guruh tuzilganini e’lon qildi. "Zo‘ravonlik, vandalizm va maishiy terrorizm, masalan, Teslaga yaqinda uyushtirilgan hujumlar - qonun doirasida to‘liq javobgarlikka tortiladi", dedi byuro telekanaliga.
Huquq-tartibot idoralaridagi manbaning ABCga aytishicha, agentlik Tesla dilerlik markazlari, avtomashinalari va zaryadlash stansiyalariga 48 ta hujum uyushtirilgani haqida xabar olgan.