Bugun 23 oktyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

Tergov sudyasi lavozimi joriy etilmoqda

Tergov sudyasi lavozimi joriy etilmoqda

Hammaga ma’lumki, mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.

Sud hokimiyatining asosiy vazifasi – fuqarolarning huquq va erkinliklarini, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonunlarni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni ijro qilish va qo‘llashda qonuniylik hamda adolatni ta’minlashdan iborat.

“2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 15-maqsadida, «Xabeas korpus» institutini yanada rivojlantirish orqali tezkor-qidiruv va tergov faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, fuqarolarning qadr-qimmati va erkinligini samarali himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish masalalari o‘rin olgan.

Yangi Konstitusiyada ham jinoiy ta’qibga olingan shaxslarni davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning o‘zboshimchaligidan himoyalashning deyarli barcha usullari aks ettirilgan. Konstitusiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaygan. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi kafolatlangan. Eng muhimi, ushbu norma insonning fundamental huquqlarini sud orqali himoya qilinishiga va shaxs erkinligi hamda daxlsizlik huquqining konstitusiyaviy kafolati sifatida xizmat qiladi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘z navbatida, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishiga, natijada oqlov hukmlari ko‘payishiga asos yaratib, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi oshishiga olib keldi.

Shu munosabat bilan, 2024 yil 10 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-89-sonli Farmoni bilan bugungi kunda sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida ishni sudga qadar yuritish bosqichida Tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritilib, ular sudga qadar ish yurituv davrida prosessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasini hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.

Shu jumladan, Farmonga muvofiq, tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi:

Sanksiyalar:

– qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma;

– qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘liq iltimosnoma;

– pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma;

– murdani eksgumasiya qilish haqidagi iltimosnoma;

– pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;

– tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma;

– telefonlar va boshqa telekommunikasiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;

– mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan prosessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyasiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.

Majburlov choralari:

– ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;

– shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;

– ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi;

– ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;

Prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasi.

Tergov sudyasi instituti tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu institut, ayniqsa, Fransiyada o‘z tarixiy ildiziga ega bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida mustahkam o‘rin tutgan hamda ishni sudga qadar yuritishda tortishuv prinsipining amal qilishini ta’minlaydigan xolis, mustaqil institut namunasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Bugungi kunda Belgiya, Gresiya, Iroq, Ispaniya, Niderlandiya va Xorvatiya davlatlarida tergov sudyalari o‘z faoliyatini muvaffaqqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Tergov sudyasi instituti hozirda bir qator sobiq sovet ittifoqi davlatlarida ham, jumladan Litva, Moldaviya, Estoniya, Latviya, Ukraina, Qozog‘iston, Gruziya va Qirg‘izistonda joriy etilgan.

Farmonlarning asosiy maqsadi sudyalar korpusini shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga, sud tizimi tuzilmasini isloh qilishga, surishtiruv va tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilishga va aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Kiritildi: 20:23 14.06.2024. O'qildi: 1276 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!