Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida shaxmat bo‘yicha 2026 yilgi Tata Steel turniri davom etmoqda. Ushbu nufuzli musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 1,2 million AQSh dollaridan ortiqni tashkil etadi.
Musobaqaning Masters guruhi ikkinchi kun bahslari doirasida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov oq donalarda hindistonlik shaxmatchi Pragnanandha Rameshbabuni mag‘lub etdi.
Mazkur natijadan so‘ng Abdusattorov 1,5 ochko jamg‘arib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarildi. Abdusattorov 1-turda qora donalarda dunyoning eng yosh to‘rtinchi grossmeysteri, turkiyalik 14 yoshli Yag‘is Kaan Erdog‘mus bilan durang o‘ynagan.
Birinchi o‘rindagi AQSh vakili Hans Nimann va 3-pog‘onani egallab turgan Arjun Erigaisi hisobida ham 1,5 ochko mavjud.
Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorov esa niderlandiyalik Anish Giri bilan durang evaziga 1 ochko bilan 11-o‘rinda bormoqda. 4–12-o‘rindagi barcha shaxmatchilar 1 ochkodan jamg‘argan. Sindorov 1-turda amaldagi Jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi oq donalarda durang qayd etgan edi.

O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov FIDE onlayn reytingida 2755 ochko bilan 7-o‘ringa ko‘tarildi.
Musobaqa 13 ta turdan iborat bo‘lib, 21 yoshli Abdusattorov 2025 yilgi Tata Steel Chess musobaqasida 3-o‘rinni egallagan.
Ma’lumot uchun, Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov 2026 yil 13–15 fevral kunlari Germaniyaning Vayzenxaus shahrida bo‘lib o‘tadigan FIDE Freestyle Chess Jahon chempionatida ishtirok etadi. Musobaqa Xalqaro shaxmat federasiyasi (FIDE) va Freestyle Chess Operations tashkiloti hamkorligida tashkil etiladi.