Tuzilmalari xodimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bo‘ysunuviga o‘tkazilishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasining komplayens-nazorat bo‘limi boshlig‘i pora bilan qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
"Mamlakatimizda keng ko‘lamli aksilkorrupsiya islohotlari o‘tkazib kelinayotgan bir vaqtda bunday holat sodir etilganini qabul qilib bo‘lmaydi", deya holatga munosabat bildirdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Safarov.
Uning ta’kidlashicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat idoralari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqilgan.
Xususan, tashkilotlardagi komplayens-nazorat tuzilmalarining maqomi va mas’uliyatini oshirish maqsadida, ushbu tuzilmalar xodimlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bo‘ysunuviga o‘tkazish masalasi ham shular jumlasidandir.
Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi va bundan buyon ham bu ishlar izchil davom ettiriladi.