Tarbiyaning bu jihati o‘ta nozik va mashaqqatli. Chunki farzandning jajji, ko‘zni quvontiradigan go‘daklik harakatlari ortda qolib, endi u o‘smirlik yoshiga yetadi. Endi farzand har bir holatni ongli fikrlaydigan, ko‘z oldida kechayotgan har bir voqelik va jarayonlarga bolalarcha qiziquvchanlik bilan emas, aksincha, o‘zgacha e’tibor bilan nazar sola boshlaydi. Shuning uchun ham ota-ona va murabbiylardan bunday tarbiya jarayonida juda katta mahorat va fasohat talab etiladi. Jinsiy tarbiya o‘g‘il va qiz bolalarda jins masalalariga nisbatan to‘g‘ri munosabatni qaror toptirishni ko‘zda tutadi. Yosh avlodning yaxshi va sog‘lom o‘sib-unishiga, voyaga yetishiga, nasl qoldirish qobiliyatiga ega bo‘lishiga, nikoh va oilani mustahkamlashga yordam berish jinsiy-ahloqiy tarbiyaning asosiy vazifasidir.
Ota-onalar, tibbiyot xodimlari va murabbiylar faoliyatlarini uyg‘unlashtirib, bolalarning yoshi, jinsi, iqtidori va boshqa xususiyatlariga mos ravishda jinsiy hamda axloqiy tarbiyani bir-biriga bog‘lab olib borishlari lozim. Maktabgacha yoshdagi bolalar va kichik yoshdagi o‘quvchilar bilan ishlashda shunga alohida e’tibor berish kerak: bunday tarbiya faqat jinsiy hayot asoslari bilan tanishtirish, bolalarga gigiyenik malakalar, erkak va ayol tanasi tuzilishi, uning rivojlanish qonunlarini singdirishdan iborat emas, balki axloqiy tarbiyaning ajralmas qismi hisoblanadi.
Axloqiy tarbiyani to‘g‘ri olib borish uchun kattalar o‘g‘il yoki qiz bolaning jinsiy rivojlanish bosqichlarini bilishi va tabiiy hamda g‘ayritabiiy ulg‘ayishni bir-biridan farqlay olishlari zarur. Aslida, jinsiy tarbiya ancha barvaqt boshlanadi. 7–8 kunlik chaqaloqni tug‘uruqxonadan olib chiqilayotganda o‘g‘il yoki qizligiga qarab va moslab kiyim-kechak hamda boshqa buyumlar tanlanadi. Bola uch yoshga to‘lganidan so‘ng o‘zining qaysi jinsga mansubligini anglaydi. Bunda, avvalo, ota va onaning “qizalog‘im”, “do‘mboq qizim”, “popugim” deb erkalashidan bola qiz bola ekani, “sen o‘g‘il bolasan”, “o‘g‘il bola yig‘lamaydi”, deb eslatishidan o‘g‘il ekani bola ongiga singadi.
Sovg‘a qilingan o‘yinchoq, kiyim-kechak, o‘yin va mashg‘ulotlardan o‘g‘il va qiz o‘z jinsi haqida ma’lumotga ega bo‘lib boradi. Ota-ona va tarbiyachilar bolalarga o‘g‘il yoki qiz bola ekanini bildirib va ularning qanday yumushlar bajarishi lozimligini uqtirib, oiladagi o‘rnini ko‘rsatib borishadi. Bolalar bog‘chasiga qatnaydigan kichkintoy odam tanasining tuzilishi, o‘g‘il va qiz bola a’zolarining tuzilishi haqida qiziqib va o‘smoqchilab savol beraveradi. Hatto bu haqida bexosdan ko‘pchilik davrasida so‘rab qolishi ham mumkin. Ota-ona yoki tarbiyachi shunday holatda ularga: “Bunday narsani so‘rama”, “Uyat bo‘ladi” demasligi, bolaga ta’qib ko‘zi bilan qaramasligi, ularni qiziqtirgan savolga vaqtini topib, to‘g‘ri, erinmasdan, bosiqlik bilan javob berishi kerak. Aks holda, bolada noxush va qo‘rqinchli tasavvur paydo bo‘lishi mumkin.
Aslida, bunday tarbiyadan maqsad – bolaning aqli uyg‘onishi bilan, avvalo, jinsga nisbatan qarashini to‘g‘ri singdirib borish. Bu esa yigitlarning erkaklarga xos tarbiyasi va o‘z o‘rnida, qizlarning ayollarga xos bo‘lgan tarbiyasiga e’tibor yo‘lidir. Shu yo‘sinda oilada farzandlarning bir-birlariga nisbatan o‘zaro muomaladagi masofa va o‘zlari haqidagi nozik tushunchalar berib boriladi. Shu bilan birga yoshlariga qarab, uylanish va turmush qurish bilan bog‘liq masalalarni ham yetkazib va uqtirib borish talab etiladi. Toki o‘spirin ulg‘ayib borarkan, hayotda bu borada nima halol va nima harom ekanini tushunib yetsin. Kelgusidagi turmushi davomida bu borada muammolarga duch kelmasin. Chunki aksariyat oilalarda ota-onalar istihola qiladi yoki umuman ushbu tarbiyaga befarq bo‘ladi. Oqibatda esa farzandlari turmush qurganidan keyin, ushbu masalalar sabab bo‘lib, muammolar va ular orqasidan kelishmovchilik kelib chiqadi. Natijada, ko‘pincha bunday oilalar hayoti ajralish bilan xotima topadi. Yoki tamoman noto‘g‘ri tarbiyadan mosuvo bo‘lib o‘sgan farzand o‘ta qabih yo‘l – nafsoniy shahvat ketidan quvib, turli buzuqliklarga berilib ketishi ham mumkin. Bu kabi xunuk, sharmsiz holat va muammolarga barham berishning eng go‘zal yo‘li jinsiy tarbiyani o‘ziga xos uslubda, dinimiz ko‘rsatmalari va milliy urf-odatlarimizga muvofiq tarzda o‘rgatib borishdir. Ushbu tarbiya jarayonida ota-ona farzandining yoshiga katta e’tibor berishi lozimdir.
Shu bois necha yoshda qaysi jihatga ko‘p e’tibor berish muhim ekanini bosqichma-bosqich bayon qilamiz. Farzandlarning yoshiga qarab bunday tarbiya ularga uch bosqichda beriladi.
1-bosqich – 7–12 yoshlar oralig‘i, bu yaxshi va yomonni ajrata oladigan yosh. Bu paytda bolaga izn so‘rash va nazar solish odobi o‘rgatiladi.
2-bosqich – 12–16 yoshlar oralig‘i, bu balog‘at yoshi bo‘lib, o‘smirlik yoshi ham deyiladi. Bu vaqtda o‘g‘il bolada ehtilom va qiz bolada hayz bo‘ladi. Ba’zilarda erta, ayrimlarda esa bir muddat kech kuzatiladi.
3-bosqich – 16–17 yoshlar oralig‘i, bu kamolga yetish yoshi hisoblanadi.
Islom farzand tarbiyasida hech bir narsani e’tibordan chetda qoldirmagan, balki tarbiyaning nozik qirralarini ham bayon qilgan. Diniy ta’limotlarda ushbu yoshlarda nimani o‘rgatish, ko‘rsatib berish va ta’kidlab borish kabi ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, qanday amallardan qaytarish va ogoh etish haqidagi zarur ta’limlarga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Manba: hidoyat.uz