Bugun 2 iyul, 2024 yil, seshanba

КИР

Tanzila Norboyeva: Senat hududlarni rivojlantirishga oid vazifalar ijrosiga jiddiy e’tibor qaratadi

Tanzila Norboyeva: Senat hududlarni rivojlantirishga oid vazifalar ijrosiga jiddiy e’tibor qaratadi

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisi yakuniga yetdi. 2024 yil 21-22 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan majlisda 14 masala ko‘rib chiqildi.

Muhokama qilingan masalalarning o‘nga yaqini qonunlar, qolgani hududlar bilan bog‘liq hamda Senat vakolatiga kiradigan lavozimga tasdiqlash kabi masalalarni tashkil etdi.

Majlis davomida Senat Raisi Tanzila Norboyeva kun tartibidagi barcha masalalar xalqimiz manfaatlari, hududlarimiz rivoji, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Senat o‘z faoliyatining barcha yo‘nalishlarida faol ish olib bormoqda, – dedi T.Norboyeva. – Ayniqsa, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi muntazam o‘rganib borilmoqda va jarayon yana davom etadi.

Yaqinda Surxondaryo viloyatidagi ishlar holati o‘rganilib, hududning o‘zida muhokama qilindi. Qayd etish kerakki, Surxondaryo bu yil boshidan beri bunday formatda o‘rganilgan to‘rtinchi viloyat bo‘ldi. Bundan oldin Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida, shu jumladan, Toshkent shahrida o‘rganishlar olib borildi. Aholi, tadbirkorlar bilan muloqot qilindi. Bunday o‘rganishlar jarayonida har bir hudud, mahallalardagi yutuqlar bilan birga kamchiliklar aniqlanishi barobarida ularga barham berish bo‘yicha manzilli choralarlar ko‘rilmoqda.

Aytib o‘tish kerakki, o‘rganishlarda e’tiborga molik natijalar ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Prezident va Hukumat qarorlari (jami 44 ta) natijasida iqtisodiyot sohalarida barqaror o‘sish kuzatilgan. Ichimlik suvi ta’minoti 63 foizdan ziyodga oshgan. Ta’mirtalab yo‘llar 27 foizgacha kamaygan. Bog‘chalarga qamrov 62,5 foizga yetkazilgan. “Mahallabay” ishlash tizimi asosida 16 mingga yaqin aholi ishga joylashtirilgan, 2,3 ming fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan.

Shu bilan birga, investisiya jalb qilish, eksportni ko‘paytirish, infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish yo‘nalishlarida muammolar ham bor. Viloyatdagi mahalliy kengashlar, hudud rahbariyati, ijro organlari, faollar va, qolaversa, respublika vazirlik idoralari bilan birga har bir yo‘nalish alohida-alohida muhokama qilinib, muhim yechimlar, takliflar o‘rtaga tashlandi. Alohida qaror qabul qilinib, tegishli vazifalar belgilab berildi.

–Hududlarni rivojlantirish masalalari bundan keyin ham biz uchun ustuvor bo‘ladi. Navbatdagi manzilimiz Navoiy viloyati bo‘ladi. Aholining turmush darajasi yaxshilanishi, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlik rivoji uchun barcha choralarni ko‘rish ishlari ro‘yobga chiqariladi, – dedi Senat Raisi.

Kiritildi: 08:24 23.06.2024. O'qildi: 323 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!