Bugun 18 oktyabr, 2024 yil, juma

КИР

Tanzila Norboyeva BAAda o‘tayotgan konferensiyasi doirasida rasmiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda

Tanzila Norboyeva BAAda o‘tayotgan konferensiyasi doirasida rasmiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda

Birlashgan Arab amirliklari (BAA)ning Dubay shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (SOR-28) doirasidagi parlament yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda 30 ga yaqin parlament spikerlari va 500 nafar vakili, shuningdek, 100 nafar butun dunyo bo‘ylab parlamentlar va xalqaro tashkilotlarning ekspertlari ishtirok etdi.

Parlamentlararo Ittifoq hamda BAA Federal Milliy Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda atrof-muhit va iqlimning dolzarb muammolarini hal qilish, jumladan, uglerod neytralligi, barqaror energiyaga o‘tish va moslashish masalalaridagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishda parlamentlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Nufuzli konferensiyada nutq so‘zlagan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva iqlim o‘zgarishi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning barcha davlatlari uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

Bunga Orol dengizining qurishi oqibatida 5,5 million gektardan ortiq maydonda “Orolqum” cho‘li paydo bo‘lgani, bu mintaqada qator ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarayotgani misol bo‘la oladi. BMT Bosh Assambleyasi Orol fojiasini hozirgi zamonning global ekologik muammosi sifatida tan olganiga ishtirokchilar e’tiborini qaratdi.

Senati raisi ekologik muammolarning dolzarbligi hamjihatlik va parlamentlararo hamkorlikni yanada kuchaytirishni talab qilayotganini ta’kidlab, qator takliflarni ilgari surdi.

Tadbir yakunida iqlim bilan bog‘liq qonunchilikni ishlab chiqish, iqlim bo‘yicha majburiyatlarni amalga oshirishda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash bo‘yicha davomli, istiqbolli va dalillarga asoslangan monitoring va hisobot berish mexanizmlarini yaratish, “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini qamrab olgan parlamentlarning yakuniy hujjati qabul qilindi.

***

Tadbir doirasida Senat raisi Tanzila Norboyeva Parlamentlararo ittifoq (PAI) bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida o‘zaro hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

M.Chungong O‘zbekistonning xalqaro maydonda ilgari surayotgan tashabbuslari nafaqat mintaqa, balki jahon hamjamiyati uchun ham muhim ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Parlamentlar Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ni amalga oshirish jarayonining ishtirokchilari hisoblanishini, joriy yilning 30 noyabr kuni Toshkentda o‘tgan BRM maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II Global forum bu borada barcha davlatlar uchun hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro tajriba almashishda muhim platforma bo‘lganini alohida qayd etdi.

Muloqot yakunida tomonlar hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarni davom ettirishga kelishib oldi.

***

Tashrif doirasida Yevropa Ittifoqi parlamentlari delegasiyalari a’zolari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.

Avstriya parlamenti vakillari qayta tiklanadigan energiya manbalari, xususan, shamol energiyasidan foydalanish yo‘nalishida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Islandiya delegasiyasi rahbari bilan uchrashuvda parlamentlararo munosabatlarni yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi. Islandiya tomoni Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Polsha Senati a’zosi bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ekologik muammolarning oqibatlarini bartaraf etish yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi. Polsha tomoni Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlashda YEIning ijtimoiy jamg‘armasi bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi. Shuningdek, cho‘llanib borayotgan hududlarda o‘rmon massivlarini barpo etishda o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.

Ruminiya parlamenti vakili bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish masalasi ustuvor bo‘ldi. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarda ta’lim, qishloq xo‘jaligi, ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish kabi jihatlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

Sloveniya delegasiyasi rahbari bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida ikki davlat parlamentlari a’zolari o‘rtasida yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali parlamentlararo hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.

Kiritildi: 15:40 08.12.2023. O'qildi: 735 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!