Tailand harbiylari ikki davlat o‘rtasida uzoq vaqtdan beri davom etayotgan hududiy mojaro avj olgan bir paytda Kambodja bilan chegaradan o‘tish punktlarini deyarli barcha sayohatchilar, jumladan, sayyohlar va savdogarlar uchun yopdi, deb xabar beradi The Guardian.
Tailand armiyasi va dengiz floti bayonotlariga ko‘ra, yetti provinsiyada Kambodja bilan chegarani kesib o‘tish barcha transport vositalari va odamlar, ham Tailand, ham chet elliklar uchun taqiqlangan.
Kambodja va Tailand o‘rtasidagi taranglik may oyida bahsli chegarada qisqa muddatli harbiy to‘qnashuv natijasida kambodjalik askar halok bo‘lganidan so‘ng keskinlashdi va bu ikki tomonning qasos olishiga sabab bo‘ldi.
Mojaroni hal etishda siyosiy inqirozga duch kelgan Tailand Bosh vaziri Pxetxongtxan Chinavat dushanba kuni quruqlik chegaralarida tekshiruv kuchaytirilishini va faqat ayrim hollarda, masalan, davolanishga muhtoj bemorlar yoki o‘qishga ketayotgan talabalar uchun istisnolar qilinishini aytdi.
Chegaraning oxirgi yopilishi ikkala davlat tomonidan bir qator javob choralari ortidan sodir bo‘ldi. Oxirgi haftalarda Kambodja Tailand filmlarini televideniye va kinoteatrlarda namoyish qilishni taqiqladi hamda Tailanddan meva, sabzavot, gaz va yoqilg‘i importini to‘xtatdi. Tailand chegara nazoratini kuchaytirdi va ikkala davlat bir-birining fuqarolari uchun viza muddatlarini qisqartirdi.
Bayonotlarga ko‘ra, chegara cheklovlari Ubonratchatxani, Surin, Buriram, Sisaket, Sa Keo, Chantxaburi va Trat provinsiyalariga tegishli.