Bugun 10 iyul, 2025 yil, payshanba

КИР

Taftish tartibi: viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalaniladi

A A A
Taftish tartibi: viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalaniladi

Joriy yil 27 sentyabr kuni davlat rahbari tomonidan “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.

Unga ko‘ra, Jinoyat-prosessual kodeksiga qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlarini shikoyat (protest) asosida apellyasiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassasiya tartibida, apellyasiya yoki kassasiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rishga, shuningdek qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassasiya tartibida ko‘rish bo‘yicha vakolatlarni viloyat sudlariga va ularga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazishga hamda yuqori sudlar tomonidan sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi instansiya sudlariga yuborish amaliyotini tugatishga doir prosessual normalarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ma’lumki, keyingi yillarda sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish orqali xalqimizning odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida bosqichma-bosqich islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida amaliyotga tatbiq etilgan yarashuv, dastlabki eshituv, mediasiya, shuningdek sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi.

Shuning barobarida, bugungi kunda sudlarda ish hajmi keskin ortganligi ba’zan ishlarni qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish imkoniyatining yo‘qolishiga olib kelayotganligi ham sir emas.
Qolaversa, uzil-kesil qaror qabul qilishda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini uch bosqichli tizim vositasida tekshirish imkoniyatlari cheklanganligi sababli mazkur tizimni o‘rta bo‘g‘inning — viloyat sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali takomillashtirish zarurligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, endilikda ushbu qonun bilan sud hukmiga nisbatan apellyasiya shikoyati (protesti) berish muddati 10 sutka etib belgilanmoqda.

Shuningdek, Jinoyat-prosessual kodeksi ishlarni taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishni belgilovchi bob bilan to‘ldirilyapti. Xususan, birinchi instansiya sudining apellyasiya yoki kassasiya, tegishli taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyasiya yoki kassasiya, tegishli taftish instansiya sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berish mumkin.

Mazkur qonun 2024 yil 1 yanvardan kuchga kirishi belgilangan bo‘lib, uning hayotga tatbiq etilishi sudyalarning mas’uliyatini yanada oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga va noroziliklarning oldini olishga, shuningdek ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega.

Nosirjon Rasulov,
Andijon viloyati sudi sudyasi

Kiritildi: 21:37 23.10.2023. O'qildi: 2136 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!