Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi "Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi" AJ shaklida qayta tashkil etilayotgani munosabati bilan 2024 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga kafillik va kompensasiyalar taqdim etish tartibi o‘zgarmoqda.
Kafilliklar bo‘yicha:
Kredit, lizing, bank kafolati va akreditivlarga taqdim etiladigan kafillik qiymati 5 mlrd.so‘mgacha oshiriladi (tabaqalashtirilgan). Ilgari 2,5 mlrd.so‘mgacha edi. E’tiborlisi, endi nafaqat banklar, balki mikromoliya va lizing tashkilotlari oldidagi majburiyatlar uchun ham kafillik so‘rash mumkin.
Kompensasiyalar bo‘yicha:
Endi tadbirkorliik sub’ektlariga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 barobaridan oshmagan stavkada, milliy valyutada 5 mlrd.so‘mgacha ajratiladigan kreditlar bo‘yicha asosiy stavkaning 40 foizigacha miqdorda 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga kompensasiyalar beriladi. Ya’ni, kompensasiya olish koridori 18%-24,5%lik stavkadagi kreditlarga tadbiq etiladi. Kompensasiya 5,6% ni tashkil etadi. Masalan, 24,0%dan olingan kredit tadbirkorga kompensasiya bilan 18,4%lik stavkaga aylanadi. Mazkur qoidalar 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan. Idealda ochiq bozor sharoitida foizlarni kompensasiyalash tizimidan butunlay voz kechish kerak. Umid shuki, 2026 yildan keyin bu tizim boshqa cho‘zilmaydi.
Qiziq tarafi, buyog‘iga kompensasiya 1+2 tamoyili asosida taqdim etiladi. Ya’ni kompensasiya olgan tadbirkor keyingi 2 yil davomida yangi ish o‘rinlari rejasini bajarish va tushumni 15%ga oshirishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil byudjeti loyihasiga ko‘ra, foizlarni kompensasiyalash uchun byudjetdan 940,3 mlrd.so‘m pul ajratiladi. Shuningdek, qaror bilan "Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi" AJga 10 yil muddatga 1,2 trln.so‘m byudjet ssudasi taqdim etish ko‘zda tutilgan.