O‘tmishda Toshkent va Farg‘ona oralig‘idagi chog‘roqqina yo‘l Ohangaronning Kandir deb nomlangan soyi va davoni orqali o‘tgan.
Ko‘p qadim bu yo‘llardan Otabek bir necha marotaba Toshkentdan Marg‘ilonga, Kumush esa bir marta Marg‘ilondan Toshkentga borgan. Mahalliy aholining aytishicha, yozuvchi Abdulla Qodiriyning qahramonlari Kandirsoyning quyi qismidagi “Oqota” deb nomlangan ziyoratgohda dam olishgan, tamaddi qilishgan. Tabiiyki, ularning taomlari orasida turshak va tut qoqisi ham bo‘lgan, deyishadi. “Oqota” ziyoratgohidagi yolg‘iz o‘rik va tut daraxti, balki o‘sha turshak danagi va tut qoqisidan unib chiqqan bo‘lsa, ajab emas...
Mana shunday xulosa qilishga asos bordek tuyuladi. Hayratlanarlisi shundaki, bir-biridan 7-8 odim olislikdagi bu ko‘hna daraxtlar voyaga yetgach, bir-biri bilan chirmashib ketgan. Mahalliy aholi ularni muhabbat daraxti yoki Kumush va Otabek muhabbatining ramzi, deb ataydi.
Manba: xs.uz