O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya va takliflar ishlab chiqildi.
Davlatimiz rahbari 2023-yilning 16-17 noyabr kunlari Surxondaryoga tashrifi doirasida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha zarur topshiriqlarni bergandi. MHTI mutaxassislari ushbu topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida quyidagi konsepsiya va takliflarni ishlab chiqdi:
1. Uzun shaharchasini rivojlantirish konsepsiyasi. O‘tkazilgan tahlillar Uzun shaharchasi bir qator sohalarda raqobat ustunligiga ega ekanligini ko‘rsatdi. Xususan, Sariosiyo temiryo‘l stansiyasi va Sariosiyo aeroporti imkoniyatlaridan foydalanib, turizmni shaharchani rivojlantirish drayveriga aylantirish mumkin. Bundan tashqari sutni qayta ishlovchi korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud. Chunki hozir Uzun tumanida yetishtiriladigan 71,4 ming tonna sutning atigi 7,6 foizi qayta ishlanadi. O‘quv-ishlab chiqarish hududlarini tashkil etish orqali shaharchada ishsizlikni kamaytirsa bo‘ladi.
2. Geliokollektor va quyosh panellarini o‘rnatish. Surxondaryo viloyatida yilning taxminan 320 kuni quyoshli bo‘ladi. Viloyatda 547 mingta uy xo‘jaligi va 31 mingta ulgurji iste’molchi bor. So‘nggi 5 yil davomida elektr energiyasi iste’moli 22,6 foizga oshgan. MHTI tomonidan o‘tkazilgan so‘rov tadbirkorlik sub’ektlarining 30,9 foizi o‘z binosiga quyosh panellari yoki kollektorlarini o‘rnatganini ko‘rsatdi. Respondentlardan 65,2 foizining qayd etishicha, quyosh texnologiyalaridan foydalanishdagi asosiy to‘siq bu ular narxining balandligidir. Sohani rivojlantirish uchun quyosh texnologiyalari bo‘yicha ta’limni kuchaytirish, kafolat xizmatini yaxshilash, standartlar va sertifikatlar tizimini joriy qilish, zarur uskunalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozim.
3. Cho‘l-dasht hududlaridagi bo‘sh yerlardan oqilona foydalanish. Surxondaryoda qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 324 ming gektar qumli, cho‘l-dasht, tepalik va jarlik, tuproq-to‘kilma, toshloq va adir yerlar mavjud. Degradasiyaga uchragan yaylovlarni tiklash hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarning iqlimiga xos o‘simliklarni ekish orqali o‘tloqlar hamda chorva mollari sonini ko‘paytirish mumkin. Shu maqsadda, Angor, Sherobod va Termiz tumanlaridagi cho‘l-dasht maydonlarining qumloq tuproqlarida qora saksovul (hosildorligi 57 s/ga), cherkez, selin, qandim (18 s/ga) hamda O‘zbekistonning qumloq joylari uchun mos keladigan fitomeliorant o‘simliklarni ekish va 5 ming bosh qo‘y-echki otarchilik fermalarini barpo qilish maqsadga muvofiq. Buning natijasida mayda shoxli chorva mollari soni qo‘shimcha 100 ming boshga ortadi va 50 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
4. Charm sanoatini rivojlantirish. Surxondaryo viloyatida 1 millionta yirik shoxli qoramol bor. 2023-yil mazkur salohiyatdan unumli foydalanish maqsadida viloyatning Angor tumanida yillik 1,2 mln. kv.m hajmdagi terini qayta ishlash quvvatiga ega zamonaviy klaster ishga tushirildi. Galdagi muhim vazifalardan biri bu charm sanoatini rivojlantirish akseleratorini yo‘lga qo‘yishdir. Buning uchun ishlab chiqishga xalqaro ekspertlarni jalb qilish, xodimlar malakasini oshirish, istiqbolli loyihalarni tanlash va ekportchilarga moliyaviy yordam ko‘rsatish zarur.
MHTI ekspertlari tadqiqot davomida, shuningdek, Surxondaryo viloyatining tarixiy, madaniy va turistik salohiyatini ommalashtirish, viloyatga salohiyatli kadrlarni jalb etish, dorivor o‘simliklar bilan davolashni ommalashtirish, foydali qazilma konlarini samarali o‘zlashtirish imkoniyatlarini ham o‘rganib chiqdi.