Isroil hukumati Livanning Hizbulloh harakati bilan yaxshi aloqalari uchun Suriya Prezidenti Bashar Al-Asadga “o‘lim” bilan tahdid qilmoqda.
Falastin matbuoti “Isroil Hayom” gazetasiga tayangan holda xabar berishicha, Asad Suriyadan Livanga qurol o‘tkazilishining oldini olishda Isroil bilan hamkorlik qilmasa, oqibat Sayyid Hasan Nasrulloh bilan bir xil bo‘lishidan ogoh qilingan.
O‘tgan oy “Isroil Beyteynu” partiyasi rahbari Avigdor Liberman Suriyaning Eron va mintaqaviy qarshilik guruhlari bilan do‘stona aloqalarini qoralab, Asadga nisbatan xuddi shunday ogohlantirish bilan chiqqan edi.
Suriya ancha vaqtdan beri Isroil ko‘z o‘ngida “tikan” kabi gavdalanmoqda. Oxirgi voqealar asnosida ko‘pgina davlatlar, xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Netanyaxu boshchiligidagi hukumat urush mojarosiga barham berishi zarurligini talab qilmoqda. Afsuski, natija ijobiy emas.
Ma’lumki, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu BMTdagi nutqi davomida Nasrullohni o‘ldirishga buyruq bergan. Natijada Hizbulloh yetakchisi sentyabr oyi oxirida sionistik rejimning Bayrutga bergan havo hujumi oqibatida halok bo‘ldi.