Bugun 25 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni 3 barobar oshdi

A A A
So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni 3 barobar oshdi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda oliy ta’limning rivojlanish sur’ati va konsentrasiya darajasini tahlil qildi.

Oliy ta’lim sohasi iqtisodiyot, inson kapitali va innovasiyalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Xususan:
➖ Umumiy ta’lim xizmatlarida oliy ta’limning ulushi 2017 yilda 47 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 56,5 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasida ta’lim xizmatlarining qo‘shilgan qiymati 14 foizga yetdi;
➖ 2017-2023 yillarda oliy ta’lim tizimidagi professor-o‘qituvchilar soni 1,64 barobar oshdi;
➖ 2023-2024 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan xorijlik talabalar soni 2017/2018 o‘quv yiliga nisbatan 8,6 barobar oshdi va 11,2 ming kishini tashkil etdi;
➖ O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalariga real xarajatlari 1,3 barobar o‘sdi.

Oliy ta’lim bozorining rivojlanish tendensiyasi tahlili so‘nggi besh yilda oliy ta’lim muassasalari (OTM) soni 3 barobar (2017-2018 o‘quv yilidagi 72 tadan 2023/2024 o‘quv yilida 210 taga), talabalar soni esa 4,5 barobar (2017/2018 o‘quv yilidagi 298 ming nafardan 2023/2024 o‘quv yilida 1,330 million nafargacha) oshganini ko‘rsatdi.

Xususiy oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi jami oliy ta’lim muassasalaridagi ulushi 2022/2023 o‘quv yilidagi 25 foizdan 2023/2024 o‘quv yilida 31,9 foizga oshdi. 2023/2024 o‘quv yilida O‘zbekistondagi xususiy oliy ta’lim maskanlarida tahsil olayotgan talabalar ulushi esa 23,95 foizga oshdi va 318.6 ming nafarga yetdi (talabalarning jami soni 1,33 mln. nafar).

Oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi raqobat darajasini hisoblash uchun Xerfindal-Xirshman indeksi (HHI yoki Herfindahl-Hirshman Index) qo‘llaniladi. Indeks oliy ta’lim muassasalari talabalari bozor ulushi kvadratlari yig‘indisi yordamida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida bozor ulushining taqsimlanishini tavsiflaydi.

2017-2023 yillarda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim bozorining konsentrasiya indeksi 191 dan 136 gacha kamaydi. Bu esa oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi raqobatning jadallashganini ko‘rsatadi.

Hududlar bo‘yicha oliy ta’lim bozori taqsimlanish indeksini hisoblash oliy ta’lim xizmatlari bozori hududlar kesimida mo‘’tadil konsentrasiyalashganini ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich hududlarning respublika bo‘yicha talabalar sonidagi ulushi asosida hisoblanadi. Oliy ta’limning hududiy konsentrasiya darajasi 2017/2018 o‘quv yilidagi 1702 dan 2022/2023 o‘quv yilida 1525 ga va 2023/2024 o‘quv yilida 1484 ga tushgan.

Qashqadaryo, Surxondaryo va Namangan viloyatlari har 10 000 kishiga to‘g‘ri keladigan talabalar zichligi eng past hududlar sirasiga kiradi. Ular HHI indeksiga ham eng kam hissa qo‘shgan hududlar hisoblanadi. Hududiy konsentrasiya darajasini kamaytirish uchun ularda yangi oliy ta’lim muassasalarini joylashtirish maqsadga muvofiq.

Oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida qator chora-tadbirlar va vazifalar belgilangan. Jumladan:
➖ yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish;
➖ umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash;
➖ oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish.

Kiritildi: 16:48 31.07.2024. O'qildi: 2898 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!