Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

«Sudda yutdik, ammo...»

«Sudda yutdik, ammo...»

— O‘gay akam men va onamning roziligisiz biz yashab turgan uyni o‘z nomiga o‘tkazib olgan edi. Yaqinda sud orqali egalik huquqi bekor qilingan bo‘lsa-da, u hovlida qurilish qilgani uchun ketishni xohlamayapti. Hovli rahmatli otamning nomida. Akamning o‘z uy-joyi bor, lekin «otamdan qolgan uy», deb haq talashyapti. Bu vaziyatda bizga nima maslahat berasiz?

Ismi sir tutildi.

Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi raisi Muqaddam GULAMOVA javob berdi:

— Fuqarolik kodeksining 1112-moddasiga ko‘ra, vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi. Qonun bo‘yicha vorislik vasiyat mavjud bo‘lmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi.

Fuqarolik kodeksining 1135-moddasiga muvofiq, meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar.

Yuqorida ko‘rsatilgan qonun talablariga ko‘ra, meros qoldiruvchining farzandlari, eri (xotini) va ota-onasi birinchi navbatdagi merosxo‘r bo‘lib, meros qabul qilib olishlari uchun uy-joy joylashgan hududdagi notarial idoraga murojaat qilishlari lozim bo‘ladi.

Bunday tashqari, bayon qilgan holatlarga ko‘ra, savol muallifining o‘gay akasi uy-joyda yashab kelgan ko‘rinadi.

Uy-joy kodeksi 32-moddasiga muvofiq, uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.

Turar joy mulkdorining oila a’zolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, agar ular ilgari bu huquqqa ega bo‘lmagan bo‘lsa, faqat o‘zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a’zolari deb tan olinishi mumkin.

Kiritildi: 16:37 05.08.2022. O'qildi: 2659 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!