Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Rossiyadan kelayotgan ehtimoliy tahdid tufayli mudofaa xarajatlarini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Britaniya razvedkasi va NATO davlatlari tahlillari Rossiyaning alyansga qarshi ehtimoliy harakatlari haqida ogohlantirmoqda.
«Bizning razvedka ma’lumotlarimiz va NATOga a’zo boshqa davlatlarning baholashlariga ko‘ra, Rossiyaning NATOga hujumi 2030 yilgacha sodir bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu masala qanchalik shoshilinch va ustuvor ahamiyatga ega ekanini ko‘rish mumkin», — dedi Starmer.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, hukumat tomonidan tayyorlanayotgan yangi mudofaa investisiyalari rejasi mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan kelajak imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastur nafaqat mudofaa salohiyatini oshiradi, balki yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qiladi. Reja yaqin haftalarda taqdim etilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, bahor oylarida NATO ehtimoliy Rossiya tahdidiga qarshi alyansning sharqiy qanotini mustahkamlash maqsadida 60 ming nafargacha harbiydan iborat nemis-golland korpusini tayyor holatda saqlashga qaror qilgan edi.
Rejaga ko‘ra, kontingentning bir qismi Boltiqbo‘yi davlatlarida doimiy ravishda joylashtiriladi, qolgan kuch va texnika esa zarurat tug‘ilganda bir necha soat ichida mintaqaga ko‘chirilishi mumkin.
Moskva esa avval ham NATO davlatlariga hujum qilish rejasi yo‘qligini bir necha bor ta’kidlab kelgan va G‘arbning bunday bayonotlarini harbiy xarajatlarni oshirish uchun asos sifatida baholab keladi.