Tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, tibbiyot va farmasevtika xodimlari o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari malaka toifasini berish bo‘yicha attestasiyadan o‘tkazilishi mumkin.
O‘z xohishi bilan navbatdan tashqari attestasiyada qatnashib, malaka toifasini oshirgan tibbiyot va farmasevtika xodimlariga oshirilgan malaka toifasi bo‘yicha haq to‘lanadi.
Navbatdan tashqari attestasiyada katnashib, undan o‘ta olmagan xodimlarning malaka toifasi tushirilmaydi.
Davolash-profilaktika tashkilotlari rahbarlari navbatdagi majburiy attestasiyadan o‘tish muddati tugashidan olti oy oldin shifokor va farmasevtlarni attestasiyadan o‘tishi lozimligi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi zarur.
Shuningdek, rahbariyat tomonidan xodim tibbiyot va farmasevtika xodimlari attestasiyadan o‘tkazish tartibi bilan tanishtirilishi hamda attestasiyadan o‘tish uchun hujjat topshirish boshlangunga qadar ularning malaka oshirishi tashkil etilishi lozim.