Bugun 12 yanvar, 2025 yil, yakshanba

КИР

SSV: Respublika ko‘z mikroxirurgiyasi markazida diagnostika va davolash usullari soni 300 dan oshdi

SSV: Respublika ko‘z mikroxirurgiyasi markazida diagnostika va davolash usullari soni 300 dan oshdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyo miqyosida 2 milliarddan ortiq inson ko‘rish qobiliyati muammolaridan aziyat chekmoqda. Biroq ulardan 1 milliard nafarga yaqinini jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizda ana shunday murakkab operasiyalarni o‘tkazish borasida yetakchi muassasa hisoblanadi.

Sohada erishilayotgan yutuqlar haqida markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Azamat Yusupov batafsil gapirib berdi:

— Avvallari ko‘z kasalliklarini zamonaviy usullarda davolash borasida imkoniyatlarimiz anchagina cheklangan edi, — deydi A. Yusupov. — Shu bois ko‘plab yurtdoshlarimiz bu yo‘nalishdagi murakkab operasiyalar uchun xorijiy davlatlarning yetakchi klinikalariga borishga majbur bo‘lardi.

Quvonarlisi, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston tibbiyotida kechayotgan transformasiya jarayonlari tufayli ilg‘or xorijiy tajribani mamlakatimizda jadal tatbiq etishga kirishildi.

Chunonchi, o‘tgan yili markazimizda 42 mingdan ziyod operasiyalar o‘tkazgan bo‘lsak, shundan 22 ming 193 tasini yuqori texnologik amaliyotlar tashkil etadi.

Xususan, ilk bor to‘r parda kasalliklarida vitrektomiyasi epiretinal membranani (ERM) olish, ko‘z olmasi travmatik kasalliklarida DSAEK va vitrektomiya kombinirlangan amaliyoti hamda IOL dislokasiyasida Torik IOLni skleraga tikish kabi yuqori texnologik murakkab operasiyalarni bajarishga erishdik.

Albatta, bunday yutuqlar qo‘lga kiritilishida xorij tajribasini o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Shu bois chet davlatlarning yetakchi tibbiyot muassasalari mutaxassislari bilan hamkorlikda yangi texnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etib boryapmiz.

Jumladan, o‘tgan yili AQShning “Lions Eye Institute” mutaxassislari bilan birgalikda DSAEK va DMEK, Shveysariyaning “ELZA Institute AG” klinikasi professori Farhad Xafezi ishtirokida krosslinking, Isroil hamda Xitoy shifokorlari ishtirokida travmatik holatlarda shox parda transplantasiyasi va glaukomaga qarshi operasiya qilingan bemorlarda katarakta fakoemulsifikasiyasi IOL implantasiyasi kabi noyob operasiyalar muvaffaqiyatli bajarildi.

Shuningdek, markazning 8 nafar yosh mutaxassisi AQSH, Janubiy Koreya, Shveysariya, Hindiston va Rossiya kabi tibbiyoti taraqqiy etgan davlatlarda o‘z malakasini oshirib qaytdi.

2024 yil muassasada 8 ta yangi diaganostika va davolash usuli amaliyotga joriy etildi. Natijada bugunga kelib, ularning umumiy soni 300 dan oshdi.

Bu esa aholiga oftalmologiya yo‘nalishida har tomonlama sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.

Kiritildi: Bugun 11:00. O'qildi: 241 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!