Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi ("Firibgarlik, juda ko‘p miqdorda sodir etilishi") bilan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, 1986 yilda tug‘ilgan Shakirov Xayrulla Ubaydullayevich aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan Instagram, Telegram hamda YouTub ijtimoiy tarmoqlaridagi “Xayrullo Shokirov” nomli profil orqali o‘zini yirik distribyutor va tadbirkor sifatida tanishtirib, go‘yoki chet eldan katta miqdorda anor sharbati va salqin ichimliklar olib kirib, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududidagi savdo nuqtalariga yetkazib berish vakolatiga ega ekanligi haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatgan. Fuqarolarga distribyutorlik orqali topgan daromadidan katta foyizlarni va’da qilib, aldash yo‘li bilan ularning ishonchiga kirib, juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha X.Shakirov gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hurmatli fuqarolar! Agar siz mazkur shaxsning jinoiy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu holatlar bo‘yicha biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasining 71-206-40-99, 71-206-42-52 raqamlariga yoki 102 qisqa raqami orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz. Sizning murojaatingiz jinoyatni to‘liq fosh etish va adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.