Said Abdulaziz Yusupovga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
20 noyabr kuni harbiy sud hukmi bilan Said Abdulaziz Yusupov jinoiy jazoga tortilgani ma’lum bo‘ldi. Sud Yusupovni O‘zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz qilish (JK 159-moddasi 3-qismi “a” bandi) hamda og‘irlashtiruvchi holatlarda tuhmat (JK 139-moddasi 2-qismi “a, g” bandlari) jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topdi. Unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Said Abdulaziz Yusupov muqaddam ham sudlangan. U 2019 yilning 10 mayida firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingandi. O‘shanda unga o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik va pora berish jinoyatlari bilan ayb qo‘yilgan.
Yusupovga avvaliga 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Keyin jazo 2,5 yil axloq tuzatish ishlariga o‘zgartirilgan va u 2020 yil 8 iyul kuni ozodlikka chiqarilgan. Oliy sud raisi o‘rinbosari o‘shanda Yusupovga “firibgarlik orqali yetkazilgan zararni to‘liq qoplagani sababli unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangani”ini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, Said Abdulaziz Yusupov 1982 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan.