Yangi yil arafasida qahraton qish aksariyat yevropaliklarni qalin kiyimlar va sharflarga burkanishga majbur qilgan bir pallada, qit’aning eng sovuq o‘lkalaridan sanalgan Islandiyada yoz havosi kuzatildi.
Islandiya sharqidagi Seydisfyordyurda mahalliy mezonlar bo‘yicha haqiqiy jazirama qayd etildi — harorat Selsiy bo‘yicha 19,8 darajaga ko‘tarildi. Bakkagerdida havo harorati — 19,7 daraja.
Bu Islandiya uchun dekabr oyidagi yangi rekord. Oldingisi 2019 yil 2 dekabrida qayd etilgan, mamlakat janubi-sharqidagi Kviskeryarda 19,7 daraja iliq bo‘lgandi.
Mamlakat meteoxizmati xodimi Birgir Ern Xyoskuldsson bu qish mo‘’jizasi qanday yuzaga kelganini tushuntirdi. Islandiya sharqidagi kuchli yuqori bosimli hudud orolga tropikdan kelgan nam va g‘ayrioddiy iliq havoni yo‘naltirdi. Kuchli shamol tufayli tog‘lar yaqinida kuchli pastga yo‘nalgan oqim hosil bo‘ldi va hududni rekord darajagacha qizdirdi.
Islandiyaning boshqa hududlarida shu kunlari kuchli shamol esib, yomg‘ir sharros quygan.