Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari O‘zbekiston 2017-2022 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)dan biri - “Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi insonlarning farovonligiga ko‘maklashish” bo‘yicha erishgan natijalarini o‘rganib chiqdi.
2030-yilgacha BMTning Global kun tartibidagi Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2030-yilgacha 16 ta Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan 125 ta vazifa tasdiqlandi.
“Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi insonlarning farovonligiga ko‘maklashish” 16 ta milliy maqsadning uchinchisi bo‘lib, u 13 ta vazifa hamda 23 ta ko‘rsatkichdan iborat.
Tahlil davomida quyidagi asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori natijalarga erishilganligi aniqlandi:
➖ onalar o‘limi koeffisiyenti tirik tug‘ilgan har 100 000 chaqaloqqa 2017-yilda 21,0 koeffisiyentini tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda 13,9 koeffisiyentini tashkil qildi va ushbu ko‘rsatkich 5 yil davomida 51,0 foizga yaxshilandi.
➖ sil kasalligi bilan kasallanish holatlari har 100 000 kishiga 2017-2022 yillarda 44,9 koeffisiyentidan 35,3 koeffisiyentigacha kamaydi va 27,0 foizga yaxshilandi.
➖ gepatit “B” bilan kasallanish holatlari 2017-yilda har 100 000 kishiga 0,8 koeffisiyentini tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-yilda 0,4 koeffisiyentini tashkil etdi va ikki barobar kamaydi.
➖ o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq o‘lim koeffisiyenti 2017-yilda har 100 000 kishiga 7,5 koeffisiyentini tashkil etgandi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilda 4,5 koeffisiyentigacha pasayib, 66,7 foizga yaxshilandi.
➖ har 10 000 kishiga to‘g‘ri keladigan tibbiyot xodimlari soni 2017-yilda 26,1 koeffisiyentini tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-yilda 27,9 koeffisiyentiga oshdi va 6,9 foizga ijobiy o‘zgarish qayd etildi.
BRMning 3-maqsadini “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan o‘zaro bog‘langan holda amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, jumladan quyidagi maqsadli parametrlarga erishish ko‘zda tutilgan:
➖ ayollar, go‘daklar va besh yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘lim bilan bog‘liq holatlarni 2 barobar kamaytirish;
➖ tug‘ruq o‘rinlari sonini 35 foiz oshirish;
➖ bolalar orasida yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni 20 foiz qisqartirish;
➖ onkologik kasalligi bor 120 ming nafar bemorni davolash bilan to‘liq qamrab olish.