Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Toshkentda "Tez yordam"ga yo‘l berilmagani sababli bemor vafot etdi

Toshkentda "Tez yordam"ga yo‘l berilmagani sababli bemor vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi «Tez yordam» mashinasi ba’zida chaqirilgan manzilga kechikib yetib borishi holatlari kuzatilishiga izoh berib, yo‘llardagi haydovchilarni «Tez yordam»ga yo‘l berishga chaqirdi.

«Hayot sinov va tasodiflardan xoli emas. Kutilmaganda ro‘y beradigan baxtsiz hodisalar, favqulodda holatlar yoki kasalliklar xuruj qilganda har qanday inson shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘ladi.Mamlakatimizda bu yo‘nalishda shakllangan zamonaviy tibbiy yordam tizimi xalqimizga tezkor va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishda muhim omil bo‘layotir. Keyingi yillarda ushbu tizimning moddiy-texnika bazasi takomillashayapti.

Shoshilinch tibbiy yordamning tezkorligi, sifat va samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Natijada aholining «tez yordam»ga ishonchi ortmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida birgina Toshkent shahri miqyosida «tez yordam»ga 750 mingga yaqin chaqiriqlar tushgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davriga nisbatan 7 foiz ko‘proqdir.

Biroq davlatimiz tomonidan yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarga qaramay, sohada hali qator masalalar ham yo‘q emas. Masalan, ba’zi hollarda chaqiriq joyiga «tez yordam»ning kechikib borishi masalasi ana shunday bahsli munozaralardan biridir. Xo‘sh, «tez yordam» nega ba’zida kechikadi?

— Bunga aksariyat holatda yo‘llarda «tez yordam» mashinasiga yo‘l berilmaslik ham sabab bo‘lmoqda, — deydi Shoshilinch va tez tibbiy yordam masalalari bo‘yicha mahalliy koordinator Obidjon Dilmurodov. —Taraqqiy etgan xorijiy davlatlarda «tez yordam»ga yo‘l bo‘shatib berish bo‘yicha haydovchilarda shaxsiy mas’uliyat juda yuqori. Biz esa yo‘llarda ko‘pincha buning aksiga guvoh bo‘lamiz. Mashina chaqiruv signalini yoqib tursa-da bunga parvo qilmaydigan haydovchilar ham yo‘q emas.

Kuni-kecha ro‘y bergan bir voqea bunga misol: Joriy yil 11 sentyabr kuni ertalab soat 07:25da Toshkent xalqaro aeroportidan Call markazga 60 yoshli kishining sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgani haqida chaqiriq tushadi. Bu ma’lumot zudlik bilan Yakkasaroy tumanidagi 10-bo‘limga yetkazilgan. Oradan 1 daqiqa o‘tib, ya’ni, soat 07:26da «Tez yordam» brigadasi chaqiriq joyiga otlanadi. Biroq Yakkasaroy to‘yxonasi yonidagi yo‘l tiqilinch bo‘lgani sababli «Tez yordam» 5-6 daqiqa turib qoladi. «Tez yordam» mashinasining chirog‘i yonib, chaqiriq signali yangrab tursa-da, mashinaga yo‘l berilmaydi.

«Tez yordam» manzilga yetib borganida aeroport shifokorlari bemorga tibbiy yordam ko‘rsatayotgan ekan. «Tez yordam» shifokorlari ham darhol ishga kirishadi. Bemorda o‘pka-yurak reanimasiyasi muolajalari o‘tkaziladi. Biroq, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor vafot etadi.

Shu o‘rinda, haydovchilarga murojaat qilib shuni aytmoqchi edikki, qadrli haydovchilar, yoningizda chirog‘i va chaqiruv signalini yoqib kelayotgan «tez yordam» mashinasining ko‘magiga, balki sizning yaqinlaringizdan biri ko‘z tutib turgandir. «Tez yordam» oshiqqan manzil sizning xonadoningiz bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas-ku. Qolaversa, kimningdir farzandi, otasi yoki onasi, joni-jigarining hayoti qil ustida turgan bo‘lishi, siz ozgina himmat qilib, «tez yordam»ga yo‘l bersangiz bir insonning hayotini saqlab qolishdek katta savobga sherik bo‘lishingiz mumkin.

Qadrli haydovchilar, yo‘llarda haydovchilik madaniyati va mas’uliyatini teran his etgan holda harakatlanaylik, xayrli ishlarda hamisha kamarbasta bo‘laylik. «Tez yordam»ga yo‘l berishga odatlanaylik!», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi kanali xabarida.

Kiritildi: 13:13 08.10.2019. O'qildi: 2824 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!