Slovakiyaning SPP davlat kompaniyasi Reuters agentligiga Rossiyadan Ukraina orqali o‘tadigan quvur orqali oldingi hajmda gaz olishni davom ettirayotganini bildirdi.
16 noyabr kuni Avstriyaning energiya regulyatori va “Gazprom”dan gaz import qiluvchi Avstriyaning OMV kompaniyasi xuddi shu quvur orqali mamlakatga gaz yetkazib berish to‘xtatilgani haqida xabar bergan edi. OMV bayonotida qayd etilishicha, shunday bo‘lishi kutilgan edi va kompaniya o‘zining barcha iste’molchilarini ta’minlashda davom etadi.
Avstriya va Slovakiya Ukraina hududidan o‘tuvchi Urengoy-Pomari-Ujgorod quvuri orqali Rossiya gazining katta hajmini import qilishni davom ettirgan Yevropa Ittifoqidagi oxirgi davlatlar edi. Kiyev joriy yilning oxirida muddati tugaydigan Rossiya gazi tranziti bo‘yicha kelishuvni uzaytirish niyatida emasligini ma’lum qilgan.
Avstriyaning OMV kompaniyasi shu haftada “Gazprom”ning sho‘ba korxonasiga qarshi xalqaro arbitraj qarori asosida, 230 million yevrolik da’voni yutib chiqqan edi. OMV bu summani gaz yetkazib berish uchun to‘lovlardan ushlab qolishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, “Gazprom” Avstriyaga gaz ta’minotini to‘xtatishini e’lon qildi.
Avstriya rasmiylarining aytishicha, mamlakatdagi gaz zaxiralari butun qish davomida ta’minot uchun yetarli.