Bugun 17 noyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Bolalar ombudsmani Samarqandda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan qiz bilan uchrashdi

Bolalar ombudsmani Samarqandda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan qiz bilan uchrashdi

Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida guruhli jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan o‘quvchi qiz va uning onasi bilan uchrashdi.

Hozirda mazkur jinoyat ishi Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergov qilinmoqda, uning doirasida 8 nafar gumonlanuvchi prosessual tartibda ushlanib, 13 noyabr kuni ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Yana 1 nafar gumonlanuvchiga qidiruv e’lon qilinib, uni fosh etish tezkor choralari ko‘rilmoqda.

Bolalar ombudsmani matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov davomida jabrlanuvchi qizning prosessual huquqlari ta’minlanishi darajasi, xususan, mazkur tergovda bolaning qonuniy vakili, pedagog va advokatning ishtiroki masalasi o‘rganildi.

Shuningdek, tergov xodimlariga tergov va prosessual harakatlarning qiz uchun do‘stona o‘tkazilishi va qo‘shimcha travmatik tarzda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka oid tavsiyalar berildi.

Qayd etilishicha, hozirda qizga zarur bo‘lgan kompleks tibbiy, psixologik va ijtimoiy ko‘mak choralari ko‘rishga kirishildi.

Qizning onasi bilan suhbatda esa ayol OAV vakillari va jamoatchilikdan ushbu jinoyat tafsilotlarini e’lon qilmaslikni so‘rab, har bir shunday xabar qiziga va oilasiga katta ruhiy zarba bo‘layotganini aytgan.

“Mazkur ish jinsiy jinoyatga oid ekanligi hamda voyaga yetmaganning shaxsiy hayoti, sha’ni va qadr-qimmatiga daxldorligi munosabati bilan jinoyat ishi tafsilotlarini oshkor etilishi, shu jumladan, OAVda keng yoritilishi bola manfaatlariga zid ekanligini yana bir bor eslatamiz” deyiladi xabarda.

8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz bilan bog‘liq holat haqida dastlab “Nemolchi.uz” xabar qildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov hamda tezkor tadbirlar davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, tergovga jalb qilingan. 8 kishi, shu jumladan, Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi prosessual tartibda ushlangan.

Kiritildi: Bugun 10:30. O'qildi: 708 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!