Qurolli hujumda yaralangan Slovakiya bosh vaziri Robert Fisoning hayoti xavf ostida emas. Bu haqda Slovakiya bosh vaziri o‘rinbosari Tomash Taraba 15 may kuni Britaniyaning BBC media-kompaniyasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Men bilishimcha, operasiya yaxshi o‘tdi - va menimcha, u oxir-oqibat omon qoladi», deb ta’kidladi Taraba.
TA3 telekanali va Dennik gazetasi xabariga ko‘ra, Fiso ko‘p soatlik operasiyadan keyin kechga yaqin o‘ziga kelgan.
Robert Fisoga hujum mamlakatning markaziy qismidagi Gandlova shahrida sodir bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalarining guvohlarga tayanib xabar berishicha, hukumat sayyor majlisidan so‘ng Slovakiya bosh vaziri mahalliy aholiga murojaat qilgan va shu vaqtda o‘q uzilgan. Siyosatchi qorni, qo‘li va oyog‘idan yaralangan, deya ta’kidladi Standard. Fiso vertolyotda Banska-Bistrisa shahriga olib ketilgan va u yerda operasiya qilingan.