7 may oqshomida Sikstin kapellasida yig‘ilgan kardinallar Rim-katolik cherkovi rahbarligi lavozimiga nomzodlar bo‘yicha ilk ovoz berish bosqichini o‘tkazdilar.
Biroz vaqt o‘tib, kapella mo‘risidan qora tutun ko‘tarildi, bu esa pontifik hali tanlanmaganini anglatadi.
Konklavda (papani saylash jarayonida) butun dunyodan 133 nafar kardinal ishtirok etmoqda.Rim papasini saylash uchun uchdan ikki qism ovoz, ya’ni kamida 89 nafar kardinalning roziligi kerak bo‘ladi.
Vatikan ma’muriyatining xabar berishicha, keyingi ovoz berish payshanba tongiga rejalashtirilgan. Har kuni to‘rt martagacha ovoz berish bosqichlari o‘tkazilishi mumkin.
Sikstin kapellasi mo‘risidan chiqqan oq tutun va qo‘ng‘iroqlar jaranglashi yangi Rim papasi saylanganini bildiradi.
Yangi pontifik odatda saylangandan so‘ng bir soat ichida Avliyo Pyotr maydoniga qaragan balkonda ko‘rinish beradi. Maydonda allaqachon minglab dindorlar yig‘ilgan bo‘lib, ular yangi papaning chiqishini kutishmoqda.