Bugun 16 iyun, 2021 yil, chorshanba

КИР

Sirdaryolik snayper qiz yoxud 129 fashistni tinchitgan qahramon (foto)

Sirdaryolik snayper qiz yoxud 129 fashistni tinchitgan qahramon (foto)

Uning ismi Zebo. Ikkinchi Jahon urushi boshlanganda u atigi 16 yoshda edi. 1941 yilda fashistlar Germaniyasi Sovet davlatiga hujum qilganda 18 yoshli Zebo Moskvadagi Teatr san’ati institutida tahsil olardi. O‘sha paytda talaba qiz yurtiga qaytishni emas, balki frontda jang qilishni afzal bildi. Axir, 14 yoshidayoq yetim qolgan bo‘lajak qahramonni uyda kutar odami ham yo‘q edi. Zebo qirg‘inbarot urush yillarida o‘n olti marta harbiy razvedkaga chiqib, 129 fashistni yo‘q qildi. Shu orada 33 marotaba jarrohlik operasiyasini boshidan o‘tkazib, o‘limni ham yengdi. Ko‘rsatgan jasorati uchun ko‘p marotaba taqdirlandi. Urushdan so‘ng esa baxtli va muvaffaqiyatli hayotini yo‘lga qo‘ydi. Diplomatga turmushga chiqdi, ona bo‘ldi. Keyinchalik tarixni chuqur o‘rganib sharqshunoslik bo‘yicha doktor unvonini oldi, qadr topdi. Quyida chinakam qahramon, kuchli o‘zbek ayoli hayotiga nazar solamiz.

Urushgacha bo‘lgan davr

Zeboning qayerda tug‘ilgani haqida, turli ma’lumotlar mavjud. Qamariddin Usmonov muallifligi ostidagi Tarix darsliklarida Zebo andijonlik deyilgan bo‘lsa, Ozarbayjon SSR ensiklopediyasiga ko‘ra, u tug‘ilgan joy hozirgi Sirdaryo viloyati Guliston shahriga to‘g‘ri keladi.

Otasi ozarbayjonlik, onasi o‘zbek edi. Zebo hali balog‘atga yetmasdan ota-onasi tirik bo‘la turib, yetim qoldi. Gap shundaki, 1937 yilda uning onasi surgun qilindi, otasi esa qizining hayotini saqlab qolish uchun undan voz kechishga majbur bo‘ldi. O‘sha yilning o‘zida Zebo Toshkentga keldi va O‘zbek filarmoniyasining xoreografiya bo‘limiga o‘qishga kirdi. Keyinchalik u o‘qishini Moskvadagi Teatr san’ati institutida davom ettirdi. 

“Ikkinchi Jahon urushi” sari olg‘a

1941 yilda boshlangan “Ulug‘ vatan urushi” qahramonimizning rejalarini barbod qilib, hayotini battar alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborgan bo‘lsa-da, u ortga qaytmadi, bekinmadi. Balki, ixtiyoriy ravishda frontga otlanganlar safiga qo‘shildi. Dastlab, urushga tayyorlov tezkor kurslarida radio bilan ishlash, razvedka operasiyalarida qatnashish, keyinroq esa snayper vintovkasi va pulemyotni qo‘llash bo‘yicha birlamchi ko‘nikmalarni oldi.

1941 yilning oktyabridayoq u Moskva yaqinidagi diviziyalardan birining pulemyotchilar rotasida jang qila boshladi. Qizning teran aqli, o‘tkir ko‘zlari juda qisqa vaqt ichida unga merganlikni o‘rganib olish va fashistlarni yo‘q qilishda qo‘l keldi. U tez-tez razvedkaga ham borib turdi. 

Shunday operasiyalardan biri qishning qorong‘u bir tunida amalga oshirildi. Zebo dugonasi Nina Solovey bilan dushman askarlari qo‘nim topgan handaq tomonga emaklab bordi.  8 soat qor ustida qimirlamay yotgan qizlar nemislar nima bilan shug‘ullanayotganini kuzatdi. Bu davrda diviziyadagilar razvedkachi qizlarni sovuqda muzlab qolgan, deb o‘ylashgandi. Lekin ular qimmatli ma’lumotlarni qo‘lga kiritib, ortga qaytdi. 

Muvaffaqiyatli o‘tgan razvedka operasiyalaridan so‘ng, Zebo snayper vintovkasida otishni boshladi. Dastlabki o‘qni uzish har qaysi askar kabi Zebo uchun ham psixologik jihatdan og‘ir bo‘ldi. Keyinchalik, u o‘qni o‘ta aniq uza olishi natijasida 1942 yilning aprel-may oylaridayoq 21 nafar fashistni yo‘q qildi. Shu asnoda birin-ketin dushmanlarni yer tishlatib, 1941-1943 yillar oralig‘idagi harbiy xizmati davomida 129 fashistni tinchitdi. Shu davr mobaynida 33 marta takror va takror yaralangan Zebo sog‘ayib yana va yana urush maydonlariga qaytdi. 

Zebo uchun urush tugadi

1943 yil avgust oyida Demyanskda bo‘lgan jangda Zebo G‘aniyeva og‘ir yarador bo‘ldi. Bunisi so‘nggisi bo‘ldi. Zebo o‘sha yerda o‘lib ketishi ham mumkin edi. Buni qarangki, bir necha do‘stlari – Nina Solovey, Fyodor Kirillov va Yakov Kolyakolar jonlarini xatarga qo‘yib, yaralangan Zeboni jang maydonidan izlab topib, olib chiqib ketdi.

U faqat mo‘’jiza tufayli omon qoldi. Aynan o‘sha paytda jang maydonidan bir harbiy samolyot Moskvaga uchishi kerak bo‘lgan va Zeboni aynan o‘sha samolyotga chiqarib yuborishgan. Moskvadagi gospitalda unga eng yaxshi shifokorlar g‘amxo‘rlik qildi. Zebo 11 oy davomida to‘shakka mixlangan holda o‘lim bilan olishdi. Bu davrda sobiq SSSR Oliy Kengashi Rayosatining raisi Nikolay Mixaylovich Shvernikning ayoli Mariya Fyodorovna Zebo oyoqqa turguniga qadar uning boshidan ketmadi, g‘amho‘rlik qildi. Zebo sog‘aygach esa Mariya Fyodorovna ko‘zida quvonch yoshi bilan “odatda onalar bolasini 9 oy ko‘tarib yuradi, men esa 11 oy”, deb hursand bo‘ldi.

Sokin hayot tomon tashlangan qadamlar

Shifoxonadan chiqqanidan so‘ng, o‘zbek qizini Mariya Fyodorovna o‘z oilasiga qabul qildi. Urushdan keyin Zebo G‘aniyeva yana san’atga qaytdi va “O‘zbekfilm” durdonasiga aylangan “Tohir va Zuhra” filmida Xorazmning go‘zal malikasi Mohim rolini o‘ynadi. Biroq, urushda olgan jarohatlar baribir o‘z so‘zini aytdi va, afsuski, “Tohir va Zuhra” filmi Zebo uchun ilk va so‘nggisi bo‘lib qoldi. 

Qahramon qiz Ozarbayjon diplomati Tofik Qodirovga turmushga chiqdi va o‘g‘il farzandlik bo‘ldi. Keyinchalik tarix bilan shug‘ullangan Zebo sharqshunoslik fanlari doktori, professor darajasiga ko‘tarildi.

Ikkinchi jahon urushidagi xizmatlari uchun o‘zbek qizi “Moskva mudofaasi uchun”, “Qizil bayroq”, “Qizil yulduz” ordeni hamda I darajali “Ulug‘ vatan urushi” ordenlari bilan mukofotlandi. Uzoq va mazmunli 87 yil umr ko‘rgan Zebo G‘aniyeva 2010 yilda Moskvada vafot etdi.

Farruxjon Murodqulov, "Qalampir.uz"

Kiritildi: 12:23 09.05.2021. O'qildi: 10513 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!