Bugun 1 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Sirdaryoda MIB va sud organi fermerni "jinoyatchiga aylantirdi"

Sirdaryoda MIB va sud organi fermerni "jinoyatchiga aylantirdi"

Sirdaryolik fermer halol mehnat bilan daromad olish maqsadida dehqonchilik qilishni boshladi, ammo kutilmagan mehmonlar va dastlabki sud organi uni jinoyatchiga aylantirib qo‘ydi.

Xo‘jakeldi fermer xo‘jaligining 15 gektar yer maydoniga suv yaxshi bormas, ekin maydoni Sirdaryoning qirg‘oqlariga tutashib ketgandi. Aniqroq aytganda, Sirdaryoning sathi ko‘tarilsa, ekin maydonini suv bosadi. Suv bosgan maydonda esa, ekin ko‘ngilgidek bitmaydi.

Fermer xo‘jaligi raisi T. Dildabekov 2017 yilda sug‘orish qiyin bo‘lgan ana shu maydonga suv nasosidan foydalanaman, degan maqsadda makkajo‘xori urug‘i qadadi, Oqibatda daryoning sathi ko‘tarilib, makkajo‘xori maydoni suv ostida qoladi. Buning oqibatida ekin nobud bo‘ladi.

T. Dildabekov qolgan besh gektarcha maydondagi makkajo‘xori va uning yonidagi yerni sug‘orish uchun 2017 yilning 5-6 avgust kunlari suv nasosi o‘rnatadi. Biroq u Sirdaryo tumani elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmagandi. Aniqroq aytganda, u 160 kilovatt kuchlanishdagi transformatorni umumiy foydalanishdagi Shodlik suv iste’molchilari uyushmasi hududini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi, 35/10 kilovatt yuqori kuchlanishdagi Rohat transformator nimstansiyasi elektr tarmog‘iga ulagandi. Buning ustiga fermer xo‘jaligi rahbari elektr toki bilan ishlovchi suv nasosidan atigi ikki-uch kun ekinlarni sug‘oradi.

Ammo bunga qaramay majburiy ijro byurosining Sirdaryo tumani bo‘limi xodimlari 2017 yilning 19 avgustida T. Dildabekovning tarmoqqa noqonuniy ulangani va elektr energiyasidan foydalanganini aniqlab, dalolatnoma tuzishadi. Ular dalolatnomada fermer xo‘jaligi rahbari elektr tarmog‘iga 15 iyun kuni noqonuniy ulanganini yozib qo‘yishadi.

T. Dildabekovning o‘shanda ularga ko‘r-ko‘rona ishongani keyinchalik o‘ziga juda qimmatga tushdi. Chunki T. Dildabekov 2017 yil 15 iyundan 19 avgustga qadar elektr toki bilan ishlovchi suv nasosi orqali fermer xo‘jaligining jami 12 gektar yer maydonidagi ekinlarni sug‘orib, tuman elektr ta’minoti korxonasiga 43 million 344 ming 288 so‘mlik ancha miqdorda zarar yetkazganlikda aybdor deb topilgan.

Birinchi bosqich sudining o‘tgan yil 26 yanvardagi hukmiga ko‘ra, T. Dildabekovga Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi 2-qismi bilan tungi vaqtlarda yashash joyidan chiqish cheklangan holda 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlanadi. Bundan tashqari sud uning zimmasiga qo‘shimcha taqiqlar yuklaydi.

Albatta, T. Dildabekov va uning himoyachisi sudning hukmidan norozi bo‘lib, kassasiya tartibida shikoyat yozishadi. Kassasiya shikoyatida dastlabki tergov organi va birinchi bosqich sudi tomonidan ish holatlariga adolatli baho berilmagani, Jinoyat prosessual kodeksi va Oliy sud Plenum qarorlari talabiga amal qilinmasdan jinoyat ishi bir taraflama olib borilgani haqida vajlar keltiriladi.

Guvohlarning ko‘rsatmalaridan ham ma’lum bo‘ladiki, T. Dildabekov elektr tarmog‘iga 2017 yil 15 iyunda emas, balki 2017 yil 5 avgust kuni o‘zboshimchalik bilan ulanib, o‘sha yilning 19 avgust kuniga qadar foydalangan.

Sudlov hay’ati tuman elektr ta’minoti korxonasining hisob-kitob dalolatnomasida ko‘rsatilgan hisoblash qoidalariga amal qildi. Hisoblangan bir sutkalik o‘rtacha iste’mol qancha kilovatt soatni tashkil qilishi, elektr energiya bahosi 204,30 so‘m ekanini inobatga oldi. Ya’ni fermer xo‘jaligi tomonidan yetkazilgan zarar miqdorini jami 10 million 2 ming 528 so‘m deb e’tirof etdi.

Sudlov hay’ati yuqoridagi qonun talablaridan kelib chiqib, birinchi bosqich sudining T. Dildabekovga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmini bekor qildi. Sudlanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli u aybsiz deb topilib, oqlandi.Birinchi bosqich sudida yo‘l qo‘yilgan xatolik kassasiya sudlov hay’atining ajrimi bilan bartaraf etildi.

Bu haqda UzNews.uz ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudining sudyalari Kamoliddin Tollibayev va Sherzod Mamirov ma’lum qildi.

Kiritildi: 15:59 25.03.2019. O'qildi: 2045 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!