Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Sirdaryoda 27 yildan ortiq umrini qamoqda o‘tkazgan 67 yoshli otaxon yana jinoyatga qo‘l urdi

Sirdaryoda 27 yildan ortiq umrini qamoqda o‘tkazgan 67 yoshli otaxon yana jinoyatga qo‘l urdi

Hammaga ma’lumki, xalqimizda qadim-qadimdan keksa yoshdagi insonlarni ulug‘lab, ular doimo hurmat-ehtiromda bo‘lishadi, yurtimizda keksalar doimo xalq ardog‘ida hamda ular doimiy ravishda davlatimiz e’tiborida.

Ammo afsuski, achchiq bo‘lsa-da, o‘ylab ko‘ring yoshi keksa kishi, avval bir necha marotaba sudlanib, ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni o‘tab chiqqan bo‘lishiga qaramasdan, yana jinoyatga qo‘l ursa, bundan eng achinarlisi bo‘lmasa kerak...

Guliston shahrida yashovchi 67 yoshli S.Boboyev ham ana shunday nopok yo‘lni tanladi. Yo‘qsa, u ilgari sakkiz marotaba sudlanib, “o‘ta xavfli residivist” tamg‘asini ham olgan, hayotining 27 yildan ortig‘i ham panjara ostida o‘tgan, lekin o‘ziga shundan xulosa chiqarmasdan, keksalik gashtini tinchlik bilan o‘tkazmasdan, nevaralarini to‘g‘ri yo‘lga yetaklashni o‘rniga, yana jinoyatga qo‘l urdi.

S.Boboyev o‘ta xavfli residivist bo‘la turib, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, 2021 yil 19 avgust kuni soat 21:30 larda mast holatda Guliston shahridagi B.Isayevaning yashash xonadonini oldiga kelib, darvozada qulf osilganligini ko‘rib, voqea joyida barmoq izlarini qoldirmaslik maqsadida o‘zi bilan olib kelgan tibbiyot qo‘lqopni kiyib olib, so‘ng g‘ayriqonuniy ravishda devordan hovliga oshib o‘tib, uyning kirish eshigini osma qulfini buzib, uyning ichkarisiga kirib, o‘zganing 3.500.000 so‘mlik bir dona “Artel” rusumli televizorini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan vaqtida, uyga kelgan farzandi R.Isayevni ko‘rib qolib, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, jinoyatni oxiriga yetkazmasdan, voqea joyidan yashiringan.

Bundan tashqari, 2021 yil 21 avgust kuni soat 10:15 larda Sirdaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori-2021” tadbiri davomida Guliston shahridagi S.Boboyevning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, yashash xonadonida ekilgan atirgullar orasida uch tup yashil rangli, o‘ziga xos o‘tkir hidli nasha giyohvandlik o‘simligini qonunga xilof ravishda yetishtirib kelayotganligi aniqlanib, ushbu uch tup giyohvandlik o‘simliklari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida S.Boboyev qo‘lga olinadi, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 169-moddasi 4-qismi «a» va 270-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Sud esa, uni aynan shu moddalar bilan aybdor deb topib, yana JKning 57-moddasini qo‘llab, 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etadi, biroq…

S.Boboyev bundan norozi bo‘lib, keksa yoshini va bu ishlaridan tovba qilganligini vaj qilib, umrining qolgan vaqtini ozodlikda o‘tkazishni so‘rab, apellyasiya shikoyatini berdi.

Apellyasiya instansiyasi sudi, birinchi bosqich sudi tomonidan S.Boboyevga jazo tayinlashda qilmishning sababini, uning shaxsini, muqaddam sudlanganligini, jinoyatni g‘araz niyatda sodir qilganligini, muqaddam sakkiz marotaba sudlanganligini, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan,jazoni o‘tash vaqtida yangi jinoyatni qasddan sodir etganligini, jinoyatlarning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga olib, qonun sanksiyasi nazarida tutilgan eng kam ozodlikdan mahrum qilish jazosidan ham kamroq ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, qonuniy va asosli xulosaga kelganligini e’tirof etdi.

Qilmishlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan S.Boboyevning taqdiri ayrimlar uchun saboq vazifasini o‘tashi shubhasiz. Chunki halol va to‘g‘ri yashash o‘rniga jinoyatchilikni kasb qilgan kimning ahvoli hamisha achinarlidir.

Baxtiyor Mamadaminov,
Sirdaryo viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi

Kiritildi: 15:31 18.01.2022. O'qildi: 4029 marta. Fikrlar soni: 4 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!